Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Germaniyalik ekspertlar: «Milliy saylov tizimining ochiqligi va demokratiyaviyligi darajasi o‘sishiga xizmat qiladi»
Berlinda “O‘zbekiston Prezidenti saylovini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish va uning demokratik mezonlari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Germaniya hukumati va parlamenti, mamlakatning ijtimoiy, ekspert-tahliliy doiralari va OAV vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv qatnashchilariga “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunga asosan, shu yil 4-dekabr kuni muddatidan oldin bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Prezidenti saylovi va uni xalqaro andozalarga mos tarzda o‘tkazishning huquqiy asoslari haqida batafsil ma'lumot berildi. Ta'kidlandiki, mustaqillik yillarida mamlakatning saylov qonunchiligiga qator sifat o‘zgarishlari kiritildi va bugungi kunda u eng yuksak demokratik talablarga javob beradi.
Qayd etilganidek, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi kuzatuvchilarning to‘laqonli missiyasini yuborish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston tomoni Mustaqil Davlatlar hamdo‘stligi, Shanxay Hamkorlik tashkiloti, Islom Hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari uyushmasi kabi xalqaro tashkilotlardan, shuningdek, xorijiy davlatlar, shu jumladan Germaniyadan kuzatuvchi vakillarni taklif qilgan.
Tadbir qatnashchilarida jamiyatni yanada demokratlashtirish, sud tizimining mustaqilligini mustahkamlash va mamlakat iqtisodiyotini erkinlashtirish borasida qabul qilingan chora-tadbirlar katta qiziqish uyg‘otdi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining elektron qabulxonasi faoliyat yurita boshlagani haqidagi ma'lumot davra suhbati mehmonlarining alohida e'tiborini tortdi. Bu fakt, uchrashuv qatnashchilarining fikriga ko‘ra, ijro hokimiyati uchun aholi manfaatlari va farovonligiga yuksak ahamiyat kasb etishining dalilidir.
Nemis ma'ruzachilari mamlakatida yaratilgan barqaror siyosiy tizim, takomillashgan saylov qonunchiligi hamda ko‘psonli mahalliy va xalqaro kuzatuvchilarning ishtirok etishi bo‘lib o‘tadigan saylovlarning to‘la demokratik tamoyillarga mos holda o‘tkazilishiga ishonch hosil qilishini qayd etdilar.
Bundestagning xalqaro hamkorlik bo‘yicha qo‘mitasi eksperti, doktor Andreas Yan O‘zbekistonning butun Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror xavfsizlik va taraqqiyotni ta'minlashda muhim o‘rin tutishini ta'kidladi. U shuningdek mamlakat rahbariyatining qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni faollashtirish, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, jamiyatni modernizatsiyalash va iqtisodiyotni erkinlashtirish borasidagi sa'y-harakatlarini yuqori baholadi. A.Yanning fikriga ko‘ra, ushbu muhim qadamlar O‘zbekistonda bo‘lgani kabi xalqaro maydonda ham olqishlanadi.
Matsenatning fuqarolik jamiyatini o‘rganish instituti direktori, doktor Ekxard Priller 2014-2015-yillarda O‘zbekistonda o‘tkazilgan parlament va prezident saylovlarida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan chog‘ida mamlakatda saylov jarayonlarining izchil ravishda takomillashganining guvohi bo‘lganini aytdi. Shu munosabat bilan nemis mutaxassisi bo‘lib o‘tadigan saylovlar milliy saylov tizimining ochiqligi va demokratiyaviyligi darajasining o‘sishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
E.Priller shuningdek, mamlakatimizda nodavlat tashkilotlarning shakllanishi va ular faoliyatining mustahkamlanib borishiga e'tibor qaratdi. Uning fikriga ko‘ra, “kuchli davlatdan - kuchli jamiyatga sari” tamoyilining bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etib borar ekan, O‘zbekiston nafaqat ushbu sohada ijobiy xorijiy tajribani qo‘llamoqda, balki o‘zining namunaviy misollarini taklif ham etmoqdaki, bu boshqa davlatlar tomonidan diqqat bilan o‘rganishga munosibdir.
Brandenburg Texnologiya va innovatsiya taraqqiyotini qo‘llab-quvvatlash instituti prezidenti, professor Edgar Kloze O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Prezident sayloviga tayyorgarlikning borishini yuqori baholadi. U saylovda yetakchi xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlardan kuzatuvchilarning ishtirok etishlari O‘zbekiston butun dunyoga ochiqligining dalili ekanligini qayd etdi.
Nemis olimi O‘zbekiston rahbarining rivojlanishning sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish borasidagi sa'y-harakatlariga alohida to‘xtaldi.
“Biz bugun mamlakatingizda siyosiy va iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha izchillik bilan qabul qilinayotgan chora-tadbirlarni katta qiziqish va hayajon bilan kuzatmoqdamiz, - deya ta'kidladi E.Kloze. - O‘zbekistonda, eng avvalo aholi farovonligini oshirish va jamiyat hayotining barcha sohalarida barqaror rivojlanishni ta'minlashga qaratilgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarning yangi bosqichi boshlanayotganini ishonch bilan aytish mumkin”.
Davra suhbati yakunida uning ishtirokchilari “Jahon” axborot agentligi muxbiriga o‘z mulohazalarini bayon etdilar.
Falk Porshe, Germaniya-O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi ijrochi direktori, “Doyche Kabel AG” kompaniyasi rahbari:
- Bugungi tadbir davomida biz mamlakatingizga Prezident sayloviga tayyorgarlikning borishi bilan tanishdik. Menda O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan mamlakatda ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash borasidagi aniq chora-tadbirlar haqidagi ma'lumot alohida qiziqish uyg'otdi. Bu o‘rinda, O‘zbekistonda iqtisodiyotni erkinlashtirish ishi bir vaqtning o‘zida sud-huquq tizimini, jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish tadbirlarining qonunchilikka asoslangan holda mustahkamlanishi bilan uyg'un ravishda amalga oshiriladi.
Aminmanki, ushbu vazifalarning amalga tadbiq etilishi O‘zbekiston iqtisodiyotida xorijiy, xususan, Germaniya investitsiyasining kengayishiga yordam beradi.
Mamlakatingizga o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishishida muvaffaqiyat tilayman va O‘zbekistonning kelgusi iqtisodiy rivojlanishiga o‘z hissamni qo‘shishga tayyor ekanligimni bildiraman.
Xayns Byuler, Bonn shahridagi Germaniya-O‘zbekiston jamiyati vitse-prezidenti:
- O‘zbekistonda sud-huquq tizimida amalga oshirilgan islohotlarning izchilligi va samaradorligini alohida ta'kidlashni istardim. Mamlakat rahbariyatining sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash va huquqni muhofaza qilish tizimida gumanizm tamoyillarini yanada kengaytirish borasidagi intilishlari O‘zbekiston mustaqillikning ilk yillarida tanlangan demokratik rivojlanish yo‘lida ishonch bilan olg‘a borayotganining yorqin dalili hisoblanadi.
O‘zbekiston Bosh vazirining elektron qabulxonasi tashkil etilgani yuksak e'tiborga munosibdir. Bu o‘rinda fuqarolar jamiyat hayotining u yoki bu sohasidagi ishlarni yaxshilash borasida aniq takliflar bilan hukumat rahbariga murojaat qilishlari quvonarlidir. Bu fakt davlat hokimiyatining ochiqligi va fuqaroparvarligi, shuningdek, O‘zbekiston fuqarolarining joylarda mavjud bo‘lgan vazifalarni hal etishda keng ishtiroki ta'minlanganligidan dalolatdir.
Syuzanne Lang, Germaniya korporativ fuqarolik markazi direktori:
- Davra suhbati davomida bayon etilgan O‘zbekistondagi saylovoldi holat, shuningdek, respublikada jamiyatni yanada modernizatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan tadbirlar haqidagi ma'lumotlar mamlakat hukumatining ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan zamonaviy demokratik davlat barpo etish yo‘lida sodiq ekanligini ko‘rsatadi.
O‘z navbatida biz kelgusida ham O‘zbekistonga turli sohalarda ko‘mak berish va uni qo‘llab-quvvatlashga tayormiz. Xalqingizga mamlakatning yangi yo‘lboshchisi rahbarligi ostida farovonlik va ravnaq tilayman.
«Jahon» AA, Berlin
Mavzuga oid
10:15 / 17.06.2026
O‘zbekistonda 10 yoshdan katta aholining qariyb barchasi mobil telefon ishlatadi
23:44 / 13.06.2026
Turkiyada qo‘lga olingan xalqaro qidiruvdagi ikki shaxs O‘zbekistonga qaytarildi
12:12 / 09.06.2026
O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari qisqardi
11:00 / 08.06.2026