Jahon | 10:54 / 01.11.2016
7607
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: Haaga AQShning Afg‘onistondagi ehtimoliy harbiy jinoyatlariga qiziqmoqda

Foto: © Flickr

Xalqaro jinoyat sudi Afg‘onistondagi harbiy va insoniyatga qarshi jinoyatlarga oid to‘liq tekshiruvlarni boshlash niyatida. Amerika harbiylari shunday jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinmoqda, deb yozmoqda Foreign Policy nashri o‘z manbalariga tayangan holda. 

Nashrning qayd etishicha, XJS prokurori Fatu Bensuda yaqin bir necha hafta ichida, Amerika prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tgach, yil oxirigacha tergov ishlarini boshlashi kutilmoqda. Jurnalning yozishicha, Amerika hukumati vakillari yaqinda tergov ishlari boshlanishi munosabati bilan muzokaralar o‘tkazish va o‘z tashvishini izhor qilish maqsadida Haagaga tashrif buyurgan. 

Xabarlarga ko‘ra, tergovchilar Amerika harbiylarining 2003-2005 yillarda Afg‘onistonda odamlarni hibsga olishda ularga nisbatan qo‘pol muomalalar qilganliklariga bir necha bor e'tibor qaratishgan. AQSh hukumati esa, bunga qarshi choralar ko‘rmagan. XJSning 2015 yilga oid hisobotida ta'kidlanishicha, "jinoyatlar berahmlarcha amalga oshirilgan va qaysidir darajada inson qadr-qiymatini poymol qilgan".

Bensuda, shuningdek, Amerika harbiylari tomonidan "Chegarasiz shifokorlar" tashkilotining Qunduzdagi shifoxonasiga havo zarbasi berilishiga oid voqeani ham o‘rganadi. 2015 yil oktabrida berilgan zarbada bir necha o‘nlab kishi halok bo‘lgan edi. 

"Albatta, buning uchun prokuratura ixtiyoridagi mavjud dalillardan ko‘proq ma'lumotlar kerak bo‘ladi", — deb yozadi Foreign Policy.

Ma'lumki, XJS dastlabki surishtiruv chog‘ida guvohlarni so‘roq qilmaydi, ularning ko‘rsatmalarini to‘plamaydi va sud ekspertizasini o‘tkazmaydi. 

Qayd etish joizki, Xalqaro jinoyat sudi va Vashington o‘rtasidagi munosabatlar Jorj Bush kichikning birinchi prezidentlik muddati davrida ancha taranglashgan, biroq so‘nggi yillarda birmuncha yaxshilangan edi. Shunga qaramay, AQSh XJS a'zosi bo‘lishga shoshilmayapti, shu sababli Amerika fuqarolari bu tashkilot vakolatlari doirasida sud qilinishi mumkin emas. 
 

Mavzuga oid