O‘zbekiston | 19:55 / 01.11.2016
25168
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda amnistiya qarori bilan afsus-nadomat qilgan jinoyatchilar ozodlikka chiqarilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida qayd etilganidek, har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega. Bu kafolat tufayli biz har kuni osuda tongda oilamiz bag‘rida nonushta qilamiz. Xotirjam ishga otlanamiz, o‘ylagan rejalarimizni amalga oshiramiz. Bu baxtli hayot kafolatidan doim bahramand bo‘lish uchun biz zimmamizdagi burch va mas'uliyatimizni amalga oshirishimiz, qonunlarga qat'iy rioya etishimiz shart, deyiladi O‘zA saytidagi maqolada. 

Aks holda toshkentlik Xatiryan Gaitovaga o‘xshab adashib qolish hech gap emas. Garchi bu ayol qonunlarni yaxshi bilgan, uni hatto boshqalarga o‘rgatadigan huquqshunos bo‘lsa-da, uni chetlab o‘taman, deb qattiq adashdi. Notarius lavozimida ishlayotgan X.Gaitova hujjatlarni soxtalashtirishdek jinoyatga bosh qo‘shgani uchun to‘rt yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan 2016 yil 12 oktabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma to‘rt yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida”gi qaror bilib-bilmay adashgan, qilmishidan to‘g‘ri xulosa chiqargan kishilar uchun katta imkoniyat yaratdi. Qaror mohiyatida xalqimizga xos kechirimlilik, bag‘rikenglik, insonparvarlik tamoyillari muhim o‘rin tutgan bo‘lib, unda birinchi navbatda ayollar, jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga to‘lmagan shaxslar, 60 yoshdan oshgan erkaklar, chet el fuqarolari, nogironlarni jazodan ozod qilish nazarda tutilgan.

Xususan, Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan jazoni ijro etish muassasasida qaror ijrosini ta'minlashga oid bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida mahkuma X.Gaitovaga nisbatan amnistiya aktini qo‘llashga oid ish ko‘rib chiqildi. Sud, prokuratura, ichki ishlar idoralari mas'ul xodimlari bilan bir qatorda ishtirok etgan senatorlar, deputatlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari mahkuma bilan ochiq muloqot qilib, uning chin ko‘ngildan pushaymonligi, xatosidan to‘g‘ri xulosa chiqarganini inobatga olish lozimligiga e'tibor qaratdi. Sudning ajrimi e'lon qilindi: X.Gaitova amnistiya aktiga asosan jazodan muddatidan oldin ozod etildi.

Sudning ajrimiga muvofiq jazodan ozod etilganlardan yana biri O‘rta chirchiqlik Feruza Nurmatova. U yosh qizlarni aldash yo‘li bilan mamlakatdan chiqarib, odam savdosi qurboni bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Bu tuban qilmishi bilan u ayol, ona degan muqaddas nomga dog‘ tushiribgina qolmay, o‘z farzandlarini qarovsiz qoldirishga, panjara ortida o‘tirishiga to‘g‘ri keldi. Bu yerda u qattiq yanglishganini, hayotda puldan muhimroq, azizroq narsalar borligini tushunib yetdi.

– Dunyoda ozodlikdan ulug‘roq ne'mat yo‘q ekan, – deydi F.Nurmatova. – Shu ne'mat tufayli biz farzandlarimiz qurshovida baxtli hayot kechirarkanmiz. Hukumatimiz men kabi adashganlarni afv etib, to‘g‘ri yo‘lga tushishimiz uchun imkoniyat berdi. Endi faqat halol mehnat bilan el-yurtga foyda keltiraman.

– Uch yilga ozodlikdan mahrum etilgandim, – deydi navoiylik Shahnoza Qurbonova. – Davlatimizning men kabi adashganlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatib, aybimizni afv etgani uchun qisqa muddatda ozodlikka chiqyapman. Aslida ayol nafaqat oilada, balki jamiyatda ham o‘z o‘rnini yo‘qotmasligi, buning uchun faqat halol mehnat qilishi kerakligini kech bo‘lsa-da, angladim.

Qaror ijrosini ta'minlash jarayonida jazoni o‘tash joylaridan ozodlikka chiqarilganlarning ijtimoiy-maishiy ta'minoti va ularni ishga joylashtirish masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda. Ularda mehnat sharoitiga ko‘nikma hosil qilish uchun barcha imkoniyat ishga solinmoqda. Hokimliklar huzuridagi maxsus komissiyalar, ijtimoiy ko‘nikma markazlari tomonidan ularga ijtimoiy-maishiy, moddiy yordam ko‘rsatilmoqda, deb yakun yasalgan maqolada. 


 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid