O‘zbekiston | 16:50 / 03.11.2016
23547
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zLiDeP: 2017 yilda 325 ming kishi alohida uy-joy va xonadonlarga ega bo‘ladi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturida ijtimoiy sohani rivojlantirish borasidagi «Islohot – islohot uchun emas, avvalo inson uchun» tamoyilini izchillik bilan hayotga tatbiq etish ustuvor vazifa deb belgilangan. 

Saylovoldi dasturida qishloq aholisining ehtiyoj va talablarini hisobga olib, qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi qabul qilindi. Unga binoan, 2017 yilda ehtiyojmand oilalar uchun boshlang‘ich to‘lov hajmi ikki barobar kamaytirilib, to‘rt xil yangi namunadagi, qulay va arzon, bir va ikki qavatli 15 mingta zamonaviy uy-joy barpo etish mo‘ljallanmoqda.

Bundan tashqari, 2017–2020 yillarda shahar joylarda 945ta ko‘p qavatli uylar qurish dasturi loyihasi ishlab chiqilmoqda. Dasturga ko‘ra, Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida hamda yirik shaharlarda 50 mingga yaqin uy-joyga muhtoj oilalar uchun 5, 7 va 9 qavatli arzon uylar quriladi. Agar har bir o‘rtacha oila to‘rt-besh kishidan iboratligi inobatga olinsa, qishloq joylarda 2017 yilda 75 ming, shaharlarda yaqin to‘rt yil ichida 250 mingga yaqin kishi alohida uy-joy va xonadonlarga ega bo‘ladi. 

Ko‘p qavatli uylar qurish dasturining yana bir e'tiborli jihati shundaki, bu uylar imtiyozli ipoteka kreditlari asosida beriladi, buning ustiga boshlang‘ich to‘lov hajmi ikki barobar kamaytiriladi. Eng muhimi, ushbu qo‘p qavatli uylar qurilishida har bir hududning o‘ziga xos shart-sharoitlariga alohida e'tibor qaratiladi. Xususan, Termiz shahrida 7 qavatli uylar qurilsa, Gulistonda 5 qavatli uylar barpo etilishi rejalashtirilgan. 

Partiya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan Shavkat Miromonovich Mirziyoyev saylovoldi dasturida odamlarni hayotdan rozi qilish, xalq uchun munosib turmush sharoitini yaratish asosiy maqsad qilib qo‘yilgan.

Elim, deb, yurtim, deb yonib yashayotgan, ijtimoiy-siyosiy hayotning har bir jabhasida faol ishtirok etib kelayotgan har bir yurtimiz fuqarosini prezidentlik saylovlarida  Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi nomzodi Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga ovoz berishga chaqiramiz. 

O‘zLiDeP Matbuot xizmati.

(Shartnoma asosida)

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid