Jahon | 10:49 / 06.11.2016
16870
7 daqiqa o‘qiladi

AQShning Respublikachilari va Demokratlari: biz bilmagan tarixiy sirlar

Foto: AP

8 noyabr kuni AQShda 58 bor prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi. Avvaliga saylovchilar Prezidentni saylovchi Hay'atni saylaydi. Saylov Hay'ati tomonidan, o‘z navbatida, prezident va vitse-prezident saylanadi. 1853 yildan boshlab AQShning barcha prezidentlari yo Respublikachilar, yo Demokratik partiyaning vakillari bo‘lib keladi. Bu har ikki partiya ramzlari xaqida gapirsak, demokratlar eshakni, respublikachilar esa filni o‘z timsollari sifatida qabul qilishgan. Demokratlar ilk bor eshak timsolidan 1828 yilda targ‘ibot maqsadlarida foydalangan. 1870 yilda eshak surati karikaturachi Tomas Nast tomonidan Harper's Weekly jurnalida foydalanilgan va shu tariqa demokratlar ramziga aylangan. Respublikachilar partiyasining ramzi bo‘lmish fil ham karikaturachi Tomas Nast qalamiga mansub. Fil surati Harper's Weekly jurnalida ilk bor 1874 yil 7 noyabrida paydo bo‘lgan.

AQSh Demokratik partiyasi jahondagi eng keksa siyosiy partiyalardan biri sifatida tan olinadi. Bu partiyaga 1828 yilda (1792-1824 yillarda faoliyat yuritgan Demokrat-respublikachilar partiyalari fraksiyalarining birlashuvi ostida) asos solingan. Bu partiya asoschilaridan biri AQShning uchinchi prezidenti Tomas Jyeffersondir (1801-1809). Partiya asoschilari sifatida tan olinadigan Endryu Jyekson va Martin van Byurenlar ham kelajakda prezident etib saylangan. Endryu Jyekson 7-chi prezident bo‘lib, 1829-1837yillarda AQShni boshqargan. Martin van Byuren esa 8-prezident bo‘lib 1837-1841 yillarda AQShga rahbarlik qilgan.

Respublikachilar partiyasi esa 1854 yilning 20 martida Ripon shahrida tuzilgan. Partiya asoschilari 1832-1856 yillarda faoliyat yuritgan Viglar partiyasi, 1848-1854 yillarda faoliyat yuritgan Ozod yerlar partiyasi va 1828 yilda asos solingan Demokratik partiyaning vakillari bo‘lgan edi. Partiya Ta'sis s'yezdi 1854 yilning 6 iyulida Michigan shtatining Jyekson shahrida bo‘lib o‘tgan. O‘shanda respublikachilarning siyosiy platformasi qabul qilindi. Partiya S'yezdi esa 1856 yilning 17-19 iyun kunlari Filadelfiyada bo‘lib o‘tgan. O‘shanda Jon Charlz Fremont prezidentlikka ilk nomzod sifatida  ko‘rsatilgan edi.

1828 yildan shu kunga qadar Demokratik partiyaning 16 nafar vakili prezident etib saylangan. Bu partiya mamlakatni umumiy hisobda 80 yil boshqargan. XX asrda bu partiyaning Vudro Vilson, Franklin Ruzvelt, Garri Trumen, Jon Kennedi, Lindon Jonson, Jimmi Karter va Bill Klinton singari vakillari Oq uyga boshchilik qildi. 2000 yilda Demokratik partiya vakili Albert Gor respublikachi Kichik Jorj Bushga imkoniyatni boy berdi. 2008 va 2012 yillarda bo‘lib o‘tgan saylovlarda demokrat Barak Obama g‘alaba qozondi. 

Birinchi respublikachi prezident sifatida Avraam Linkoln (1861-1865) tan olinadi. Respublikachilar Oq uyni umumiy xisobda 18 marta egallab, 80 yildan ortiq vaqt davomida AQShni boshqarishgan. XX-XXI asrlarda Respublikachilar vakillari 1953-1961 yillarda (Duayt Eyzenxauer), 1969-1977 yillarda (Richard Nikson, Jyerald Ford), 1981-1993 yillarda (Ronald Reygan, Katta Jorj Bush) va 2001-2009 yillarda (Kichik Jorj Bush) prezident lavozimlarini egallagan.

AQShda prezident bilan birga vitse-prezident ham saylanadi. Vitse-prezident federal hukumatda “ikkinchi shaxs” hisoblanadi. AQSh Vitse-prezidenti (Vice President of the United States) — katta vakolatlarga ega emas. Birichi vitse-prezident Jon Adams, amaldagisi esa Jo Baydendir. Tarixda umumiy hisobda bu lavozimni 47 kishi egallagan. Uning konstitutsion funksiyasi shundan iboratki, mobodo prezident vafot etgudek, iste'foga chiqqudek bo‘lsa uning o‘rnini egallaydi. Vitse-prezident Senat raisi hamdir.

7 nafar vitse-prezident vazifasini bajarayotgan vaqtda vafot etgan, 2 nafari (Kelxun va Agnyu) iste'foga chiqqan. 14 nafar vitse-prezident keyinchalik prezident lavozimini egallagan. Ulardan uch nafari - Adams, Van Byuren va katta Jorj Bush vitse-prezident vakolatlari tugashi bilanoq prezident etib saylangan. Nikson esa bu daqiqalarni 8 yil kutgan. 9 nafar vitse-prezident bu lavozimga avvalgi prezidentlarning o‘limi yoki iste'fosidan so‘ng erishgan. Jyerald Ford esa hech qachon umumxalq ovoz berish yo‘li bilan prezident yoki vitse-prezident etib saylanmagan. U 1973 yilda Spiro Agnyuning iste'foga chiqqani sabab prezident Richard Nikson tomonidan vitse-prezident etib tayinlanadi. 27 noyabrda Ford bu lavozimga Senat tomonidan, 6 dekabrda esa Vakillar palatasi tomonidan tasdiqlanadi. Oradan bir yil o‘tar-o‘tmas, 1974 yilning 9 avgustida Ford iste'foga chiqqan Niksonning o‘rnini egallaydi.

Lindon Jonson AQShning 37-vitse-prezidenti va 36-prezidenti (1963 - 1969). Richard Nikson esa 36-vitse-prezident va 37-prezident (1969—1974) sifatida tarixga kirgan bo‘lib, vakolatlarini o‘z xohishiga ko‘ra topshirgan yagona prezidentdir.

Garri Es Trumen 34-vitse-prezident va 33-prezident (1945—1953)dir. Kichik Jon Kalvin Kulidj 29-vitse-prezident va 30-prezident (1923—1929) bo‘lib, 1928 yilda Kubaga tashrif buyurgan. Shundan keyin 90 yil mobaynida AQShning biror bir prezidenti Kubaga bormagan. Barak Obama 2016 yilda “Ozodlik oroli”ga tashrif buyurdi.

25-vitse-prezident va 26-prezident (1901-09) Teodor Ruzvelt “katta tayoq” siyosatining muallifi bo‘lib, Vashingtonning siyosiy beqaror mamlakatlar ichki ishlariga aralashishini qonuniylashtirdi.

Chester Alan Artur 1880 yilgi saylovlarda vitse-prezident etib saylandi. 1881 yil 2 iyulida prezident Jyeyms Garfild og‘ir yaralandi. Uning o‘limidan keying Oq uyga Chester Alan Artur keladi va 1885 yilga qadar AQSh prezidenti lavozimida faoliyat yuritadi.

Endryu Jonson vitse-prezident etib 1864 yilda saylanadi va Avraam Linkolndan so‘ng AQShning 17-prezidenti (1865-1869) lavozimini egallaydi. Aynan uning davrida AQSh (1867 yilda) Rossiyadan Alyaskani sotib oladi.

Millard Fillmor 12-vitse-prezident va 13-prezident (1850—1853) bo‘lib, viglar partiyasining so‘nggi prezidentidir.

Kichik Jon Tayler 10-vitse-prezident va 10-prezident (1841—1845) bo‘lib, amaldagi davlat rahbari vafotidan so‘ng prezident lavozimini egallagan birinchi vitse-prezidentdir.

Martin Van Byuren 8-vitse-prezident va 8-prezident bo‘lib 1837 yildan 1841 yillarda hukmronlik qilgan. "Okey" so‘zi aynan Martin Van Byurenga tegishli ekani aytiladi.

Tomas Jyefferson Mustaqillik Deklaratsiyasining (1776) mualliflaridan biri bo‘lib, 2-vitse-prezident va 3-prezident hisoblanadi.

Jon Adams birinchi vitse-prezident va ikkinchi prezident (1797—1801) bo‘lib, uning o‘g‘li Jon Kuinsi Adams 1825 yilda AQShning 8-prezidenti sifatida lavozimga kirishgan.

Ayni damda AQShning besh nafar sobiq vitse-prezidentlari - Uolter Mondeyl (1977—1981), Katta Jorj Bush (1981—1989), Den Kueyl (1989—1993), Albert Gor (1993—2001)  va Dik Cheyni (2001—2009) hayot.

Bu galgi saylovda Respublikachilar Mayk Pensni, Demokratlar esa Timoti Keynni vitse-prezildentlikka nomzodini ko‘rsatgan. Aynan ulardan biri keyinchalik prezident lavozimini egallashi ehtimoldan holi emas, degan fikrlar aytilmoqda. 

Sharofiddin  To‘laganov

Mavzuga oid