Jahon | 16:57 / 06.11.2016
11038
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiya Mudofaa vaziri Raqqaga zudlik bilan hujum boshlashga chaqirdi

Foto: Reuters

Fransiya Mudofaa vaziri Jan-Iv Le Drian Europe 1 radiosiga bergan intervyusida aytib o‘tdiki, AQSh boshchiligidagi koalitsiya kuchlari IShIDning Suriyadagi «poytaxti» sanalmish Raqqa shahriga zudlik bilan hujum qilishi darkor.

Uning so‘zlariga ko‘ra, buni o‘z vaqtida, iroqlik harbiylar va kurd bo‘linmalari Iroqdagi Mo‘sul shahrini IShIDdan ozod etish uchun harbiy harakatlarni davom etayotgan vaqtda boshlash zarur.

«IShIDga qarshi kurash Mo‘sulda kechmoqda, ammo jangarilarda Raqqani o‘z ichiga olgan katta hudud ham bor», — degan vazir.

Le Drianning qayd etishicha, Raqqa uchun janglarda G‘arb mamlakatlarining quruqlikdagi qo‘shinlari ishtirok etmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy harbiylar xalqaro koalitsiya samolyotlari yordamida Raqqa ustidan nazoratni qaytarib olishga qodir.

«Menimcha, buni bugunoq boshlash kerak», — deya uning so‘zlarini keltirgan Reuters.

Shu bilan birga vazir janglar uzoq va og‘ir kechishi mumkinligi istisno etmagan. U IShID jangarilari Raqqaning mahalliy aholisi ichiga singib ketganini ta'kidlagan.

Bundan oldingi xabarlarda Turkiya tomoni «Frot qalqoni» amaliyoti hamda iroqliklar Mo‘sulni IShIDdan ozod etishi ortidan Raqqaga hujum boshlamoqchi ekani haqida xabar berilgandi.

Suriya shimolida joylashgan Raqqa shahri 2014 yilning 13 yanvaridan buyon IShID nazorati ostida bo‘lib turibdi va bu shahar tashkilot «poytaxti» sifatida qaraladi. 

Mavzuga oid