O‘zbekiston | 11:23 / 07.11.2016
6730
2 daqiqa o‘qiladi

2017 yildan Nyu-Yorkka reyslar Boeing-787 Dreamliner samolyotlarida amalga oshiriladi

Foto: Uz24

«O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi 2017 yildan Toshkent—Nyu-York yo‘nalishi bo‘yicha reyslarni Boeing-787 Dreamliner samolyotlarida amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda milliy aviakompaniya bosh direktori Valeriy Tyan ma'lum qilgan.

Uning qayd etishicha, aviakompaniya ushbu reyslarni yozgi jadvaldan amalga oshira boshlaydi.

Ma'lumot uchun, «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAKning yozgi jadvali mart oxiridan oktabrga qadar amalda bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 5 noyabr kuni «Toshkent» xalqaro aeroportiga «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi tomonidan xarid qilingan ikkinchi Boeing-787 Dreamliner samolyoti yetib keldi. Toshkentga birinchi  Dreamliner 31 avgust kuni keltirilgandi.

Bundan tashqari, milliy aviakompaniya yana 787-9 modifikatsiyasidagi 3ta Boeing Dreamliner xarid qilishni rejalashtirgan.

Boeing 787 Dreamliner keng fyuzelyajli, ikki motorli reaktiv yo‘lovchi samolyoti hisoblanadi. Yo‘lovchilarning maksimal soni: 250 nafardan 330 nafargacha.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK va Boeing kompaniyasi ikkita Boeing-787-800 Dreamliner samolyotlari va bitta zaxira dvigatelini xarid qilish borasida shartnoma imzolashgan. Shartnoma narxi 246,4 mln AQSh dollarini tashkil etadi.

 «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi ayni paytda 15 ta Boeing samolyotidan foydalanmoqda. Milliy aviakompaniya tomonidan amalga oshirilayotgan barcha tashuvlarning yarmidan ko‘pi aynan ushbu havo laynerlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda va bu aviakompaniyaning mintaqadagi yirik hamda jadal rivojlanayotgan aviakorxonalardan biri sifatidagi o‘rnini mustahkamlashda alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid