Fan-texnika | 21:41 / 07.11.2016
6629
3 daqiqa o‘qiladi

Intel dronlar bilan tomosha ko‘rsatishda jahon rekordi o‘rnatdi

intel.ru

Intel korporatsiyasi bir vaqtda boshqariluvchi dronlar soni bo‘yicha o‘ziga tegishli bo‘lgan avvalgi yilgi rekordini yangiladi. O‘tgan yili korporatsiya tungi yorug‘lik shousini tashkil etgandi, uning davomida yorug‘lik diodlari bilan jihozlangan yuzta dron osmonda turli shakllar, jumladan Intel logotipini hosil qilgan. Bir yil o‘tmay kompaniya muhandislari kvadrokopterlarni sinxron boshqarish algoritmini takomillshashtirishdi. Natijada yangi shouda 500 ta Intel Shooting Star droni ishtirok etdi. Bu holat Ginness rekordlari kitobi vakillari tomonidan dronlar ishtirokidagi eng ommaviy tomosha sifatida rasman qayd qilindi.

Intel’ning aytishicha, endi istalgan odam o‘ziga dronlar "galasini" xarid qilib, o‘zining shousini uyushtirishi mumkin.

Shooting Star modeli ko‘ngilochar tadbirlarda ishlatilish uchun maxsus loyihalangan. U 280 gramm kelib, suv tushishidan himoyalangan korpusda ishlangan. U buning evaziga hattoki yog‘ingarchilik vaqtida ishlatilishi mumkin. Dronning maksimal uchish davomiyligi 20 daqiqaga, uzoqligi esa 1,5 km ga teng. Dron "deyarli cheksiz" rang kombinatsiyalarini akslantiradigan 4 ta yorug‘lik diodi bilan jihozlangan. Ta'kidlanishicha, u 4 mlrd gacha rang kombinatsiyalarini akslantira oladi, bu esa tadbir tashkilotchilariga ijod qilish uchun keng imkoniyat beradi.

Dron maxsus dastur bilan yetkazib beriladi. Bu dastur dronning osmondagi harakatlanishini avtomatlashtirishga imkon beradi. Dastur Intel tomonidan sotib olingan MAVinci GmbH kompaniyasi ishtirokida yaratilgan. Bu dastur osmondagi barcha dronlardan muayyan bir shakl hosil bo‘lishi uchun har bir dronga o‘z uchish yo‘nalishini beradi. Dastur shunchalik mukammalki, o‘nta muhim o‘zgaruvchini hisobga oladi. Misol uchun, u dron akkumulyatorida qolgan quvvatga qarab, dron energiyasini tejash maqsadida uning "gala" ichidagi holati va optimal yo‘nalishini hisoblab chiqa oladi. Dronlarning bir-biriga nisbatan joylashuvi GPS va boshqa bir qator ko‘rsatkichlar yordamida kuzatib boriladi. Dronlar shunday loyihalanganki, agar nimadir noto‘g‘ri ketib, ular to‘qnashib, yerga tushib ketsa ham shikastlar minimal bo‘ladi.

Kompaniya vakillarining aytishicha, avval havoda yorug‘lik shousini tashkil qilish hattoki tajribali professionallarda ham bir necha hafta vaqt olgan bo‘lsa, endi buni sanoqli daqiqalar ichida amalga oshirish mumkin.  

 

Mavzuga oid