Jahon | 22:32 / 09.11.2016
8867
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an: Turkiya G‘arb uchun ikkinchi navli davlat bo‘lib qolmoqda

Foto: © AP

Turkiya G‘arb uchun ikkinchi navli davlat bo‘lib qolmoqda, deb aytdi Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an.   

"Biz qanday taraqqiyotga erishmaylik, G‘arb ko‘z o‘ngida biz doim ikkinchi navli bo‘lib qolmoqdamiz. Biz bu achchiq haqiqatni yarim asrdan beri davom etayotgan Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga integratsiyasi jarayonida angladik", deb aytdi Erdo‘g‘an Istanbuldagi biznes-forumda. Bu haqda Anadolu axborot agentligi ma'lum qildi. 

Erdo‘g‘anning aytishicha, G‘arb davlatlarining ko‘pi uchun Sharq sodda udumlar va tor dunyoqarash deb tushuniladi. "Ko‘pchilik madaniyatlarning beshigi hisoblangan Sharq qadriyatlari shkalasida bunday yondashuvga o‘rin yo‘q. G‘arbning ba'zi vakillari vijdonsizlarcha Turkiya va Yevropa Ittifoqi muzokaralari jarayonini qayta ko‘rib chiqish kerak, deb ta'kidlamoqdalar. Fikrimcha, ular hattoki bu taklifni bildirishga kech qolishdi. Bu jarayonni tezroq ko‘rib chiqing, biroq bunda to‘xtab qolmang va yakuniy qarorni qabul qiling", deb ta'kidlab o‘tdi Erdo‘g‘an. 

9 noyabrda Yevropa komissiyasi Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga kirishi bo‘yicha erishgan taraqqiyoti haqida hisobot chop etdi. Hisobotda Anqaraning fuqarolik jamiyati, inson huquqlari va so‘z erkinligi sohalaridagi siyosatida o‘pirilishlar borligi ta'kidlangan. Yevrokomissiya shuningdek Turkiyaning turk qonunchiligini Yevropa Ittifoqi me'yorlariga moslashtirish bo‘yicha sa'y-harakatlarini yetarlicha deb hisoblamadi.

 

Mavzuga oid