Jamiyat | 22:09 / 10.11.2016
6212
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda bir ayol pul bilan bog‘liq islohotlar sababli o‘z joniga qasd qildi

Foto: © Flickr/ Premshree Pillai

Hindistonning Telangana shtatida yashovchi bir ayol mamlakat hukumatining 500 va 1000 rupiylik qog‘oz pullarni muomaladan chiqarish haqidagi kutilmagan qaroridan keyin o‘z joniga qasd qildi. Bu haqda RIA “Novosti” axborot agentligi xabar bermoqda.

55 yoshli, Kandukuri Vinoda ismli bu ayol Maxbubnagar okrugidagi Shenagapuram aholi punktida yashagan. Ayol yaqinda erini davolash uchun o‘ziga tegishli yer maydonini 5,6 mln rupiyga (85 ming dollar) sotgan. U pullarni naqd ko‘rinishda olgan va o‘zida saqlagan. Pulni o‘zida saqlash qishloq aholisi orasida keng tarqalgan bo‘lib, ular shu tariqa soliq to‘lashdan qochishadi. Ayolning erini davolash uchun bu puldan 200 ming rupiy (3 ming dollar) sarflangan.   

Hindiston hukumatining qarori ayolni esankiratib qo‘ydi. Ayol bu vaziyatdan dili xufton bo‘lib, o‘z joniga qasd qilgan.

Mahalliy politsiya RIA “Novosti” axborot agentligiga bu voqea haqida eshitgani va tegishli tekshiruv o‘tkazilayotganini ma'lum qilgan.

8 noyabrda Hindiston bosh vaziri Narendra Modi xalqqa murojaat qilib, 9 noyabr soat 00:00dan 500 va 1000 rupiylik qog‘oz pullar muomaladan chiqarilishini e'lon qilgan. Bu chora korrupsiya, yashirin iqtisodiyot, qalbaki pul tayyorlovchilar va terrorchilikni moliyalashtirishga qarshi kurash uchun zarurligi bilan tushuntirilgan.

Endilikda hindistonliklar mumoaladan chiqarilgan qog‘oz pullardagi 250 ming rupiygacha mablag‘larini ortiqcha savollarsiz almashtira olishlari mumkin bo‘ladi. Bu qiymatdan ko‘p bo‘lgan mablag‘lar daromadlarga mos kelishga tekshiriladi, agar tavofut aniqlansa umumiy qiymatdan 30 foizi soliq ko‘rinishida va soliq ko‘rinishida to‘langan qiymatning ikki barobari ko‘rinishida jarima undiriladi.

Mavzuga oid