18:13 / 11.11.2016
4455

ShHT O‘zbekistonga kuzatuvchilar missiyasini yuborishga tayyorgarlik ko‘rmoqda

Shanxay hamkorlik tashkilotining kotibiyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda tashkilot Bosh kotibi R. Alimov, ShHTga a'zo davlatlar doimiy vakillari, Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar va Tijorat vazirliklari mas'ul xodimlari, ushbu mamlakatning jamoat, siyosat va ekspert doiralari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbatida Prezident sayloviga tayyorgarlik jarayoni, fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirishi uchun umume'tirof etilgan demokratik andozalar asosida yaratilgan tashkiliy-huquqiy sharoitlar atroflicha tahlil qilindi. 

ShHT Bosh kotibi anjuman qatnashchilariga saylovning xalqaro kuzatuvini amalga oshirishda ShHT missiyasi ishtirokini tashkil qilish bo‘yicha kotibiyat tomonidan olib borilayotgan ishlar xususida ma'lumot berdi. ShHT monitoring guruhi bahosiga ko‘ra, O‘zbekistonda saylov kampaniyasi ommaviy axborot vositalarida saylov qonunchiligiga muvofiq keng yoritilmoqda. Prezidentlikka nomzodlarga saylovoldi tashviqotini olib borishda teng sharoit¬ yaratilgan. Ommaviy axborot vositalarida saylov kampaniyasi barcha bosqichini saylovchilarga tushuntirishga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlar, eshittirishlar, maqola va roliklar berilmoqda. Jamoatchilik bo‘lajak saylov, Prezidentlikka nomzodlar, ularning saylovoldi dasturlari, qonunchilik qoidalaridan xabardor. 

Hozirgi kunda ShHT missiyasining O‘zbekistondagi ish rejasini kelishish yakunlanmoqda. Unda respublikaning turli viloyatlaridagi imkon qadar ko‘proq saylov uchastkalarini qamrab olish ko‘zda tutilayotir. Missiyaning xulosasini tayyorlashda o‘z kuzatuvlariga, rasmiy ma'lumotlarga, ushbu siyosiy tadbirga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga mas'ul bo‘lgan saylov komissiyalari va davlat boshqaruvi organlari tomonidan taqdim qilingan amaliy materiallarga, saylov jarayoni ishtirokchilari bilan muloqotlarga hamda tahliliy so‘rovnomalarga asoslanadi.

Shuni qayd etish kerak-ki, ShHT saylovlarning xalqaro kuzatuvini olib borishda katta tajriba to‘plagan. Tashkilot saylovni kuzatishni tashkil qilish bo‘yicha o‘z usul va vositalariga ega bo‘lib, ular boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlarning uslublaridan mutlaqo qolishmaydi. 

Davra suhbatida O‘zbekiston — Xitoy munosabatlarini yanada rivojlantirish, ShHT doirasidagi hamkorlik istiqbollari ham muhokama qilindi. So‘zga chiqqanlar shu yilning iyun oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan ShHT sammiti hamda O‘zbekistonning har tomonlama hamkorlikni kengaytirish va yanada mustahkamlash yo‘lidagi sa'y-harakatlarini yuqori baholashdi.

 

Top