Jamiyat | 17:50 / 14.11.2016
7207
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniyalik Atlantika okeanini suzib o‘tishni boshladi

Foto: Reuters

Britaniyalik Ben Xuper yangi jahon rekordi o‘rnatish va xayriya ishlari uchun 1 mln funt sterling yig‘ish maqsadida Atlantika okeanini suzib o‘tishni boshladi. Bu haqda VVS xabar bermoqda.

Xuper avval harbiy politsiya xodimi bo‘lib ishlagan. U suzib o‘tishga 2013 yildan boshlab tayyorlangan.

Xuper 3,2 ming kilometr masofa bo‘ylab sayohatini Senegalning Dakardagi gavanidan boshladi. Britaniyalik suzib o‘tadigan yo‘lini Braziliyaning Natal shahrida yakunlashni niyat qilgan. Xuper suzishni keyingi yilning martida yakunlashga umid qilmoqda.

Suzuvchining aytishicha, u qo‘rqayotgan yagona narsa organizmga jismoniy zarar yetib qolishidir. Xuper dengiz mavjudotlaridan qo‘rqmayapti.

«Men akula va meduzalar bilan allaqachon uchrashganman. Ulardan birortasi meni yeb qo‘ymagan», — dedi u. 

O‘ta xavfli hududlarda u kamuflyaj gidrokostyum kiyib oladi. Xuper kuniga suvga 2 martadan tushib, jami 12 soat suzmoqchi. Xuperni bortida tibbiyot xodimlari va Ginnesning rekordlar kitobi vakillari bo‘lgan ikkita kema hamrohlik qiladi, ularning bortida uning to‘qqiz kishilik jamoasi, shuningdek ingliz mastifi zotidagi it ham bo‘ladi.

Reuters ta'kidlashicha, Xuper Atlantika okeanini suzish orqali kesib o‘tgan birinchi odamga aylanishi mumkin.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid