Jahon | 12:15 / 14.11.2016
8490
2 daqiqa o‘qiladi

Moldovadagi prezident saylovida ham Rossiya tarafdori g‘olib chiqdi

Foto: © Sputnik

Moldovada bo‘lib o‘tgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri prezident saylovining 2-bosqichida Sotsialistlar partiyasi rahbari Igor Dodon g‘olib chiqdi.

13 noyabr kuni Moldovada o‘tkazilgan saylovning ikkinchi bosqichida 99,09 foiz ovoz hisoblangan holatda Dodon 53,12 foiz ovozga ega bo‘lgan. Uning raqibi, "Harakat va Birdamlik" partiyasi nomzodi Mayyey Sanduga esa saylovchilarning 46,88 foizi ovoz bergan.

“Shuni ishonch bilan aytamanki, biz bu saylovda g‘olib chiqdik. Ovoz berish hali davom etmoqda, lekin ayni damda biz allaqachon 50 foizdan ortiq ovoz to‘plab bo‘ldik. Biz g‘alabaga erishdik”, — dedi Dodon brifingda.

Dodon Moldovaning barcha fuqarolari, o‘z tarafdorlari va raqib nomzod tarafdorlari, o‘nglar va so‘llar prezidenti bo‘lishga va'da berdi.

U o‘zining raqibi Mayya Sanduning saylovchilariga yuzlanib shunday dedi: "Mayya Sanduga ovoz bergan fuqarolarni munosib va yaxshi natija bilan tabriklayman. Lekin ayni damda biz jamiyat ikkiga bo‘linmasligi uchun hamma ishni bajarishimiz kerak.

Men menga qarshi ovoz berganlar fikriga ham quloq solaman, chunki bugungi kundan boshlab men butun mamlakat prezidentiman. Hurmatli raqib, keling birgalikda jamiyatni tinchlantiraylik".

Igor Dodonning rejalari qatorida Rossiya bilan hamkorlikni qayta tiklash va Moldova mahsulotini Rossiya bozoriga qaytarish tarafdori sanab o‘tilgan. Shuningdek, u Rossiya bilan energetika sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yilishi tarafdori hisoblanadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid