Iqtisodiyot | 10:51 / 17.11.2016
24048
3 daqiqa o‘qiladi

2017 yilda dollar yevro bilan tenglashishi mumkin

Illyustrativ surat

Kelasi 2017 yilda Amerika dollari kursi Yevropa umumiy valyutasi bilan tenglashishi mumkin. Bunga Yevropa siyosiy noaniqlik davriga kirgani, uning iqtisodiyoti esa juda sust tiklanayotgani sabab bo‘ladi. Reuters agentligi Investec Asset Management kompaniyasi rahbarining taxminlariga asoslangan holda shunday xabar qilmoqda. 

Ayni chog‘da, Britaniya funti haddan tashqari ko‘p sotilayotgan ko‘rinadi, degan Investec bosh menejyeri Filipp Sonders Reuters sammitida. Uning fikricha, AQSh va yevrohududning moliyaviy siyosatidagi tarqoqlik yagona valyutaga bosimni kuchaytirishi mumkin. Mablag‘larni tejashni maqsad qilgan Yevropa hukumatlaridan farqli o‘laroq, AQShning yangi hukumati, Donald Tramp va'da qilganidek, soliqlarni kamaytirishi va infratuzilmalarga xarajatlarni oshirishi kutilayapti. 

«Biz yevroning zaiflashayotganini kuzatayapmiz va men aytishim mumkinki, u dollar bilan bir xil qiymatgacha tushadi», — degan Sonders. AQShning xarajatlari pul-kredit siyosatini qat'iylashtirish bilan bir vaqtda amalga oshiriladi. Federal zaxira tizimi dekabr oyida qayta moliyalash stavkasini ko‘tarmaslik uchun sabab ko‘rayotgani yo‘q. FZT mulozimlari esa bu siyosatni 2017 yilda ham davom ettirishni muhokama qilishmoqda. Shunga ko‘ra, FZTning dekabr oyidagi majlisida qayta moliyalash stavkasini ko‘tarish ehtimoli 94 foizni tashkil etadi. 

Shu bilan birga, kelasi yilda Yevropaning yirik mamlakatlari - Germaniya, Fransiya hamda Brexit va Tramp g‘alabasidan ruhlangan o‘ng populistlar bosh ko‘targan Niderlandiyada saylovlar bo‘lib o‘tadi. Bundan tashqari, Trampning g‘alabasi o‘ta o‘ng kayfiyatdagi yevropaliklarga ham dalda bo‘ldi. 

Eng tahlikali, beqaror vaziyat, Sondersga ko‘ra, Italiyada yuz berishi mumkin. U yerda, 4 dekabrda Konstitutsiya islohotiga oid referendum bo‘lib o‘tadi. Bu alaloqibat, mamlakatning Yevro hududi bilan xayrlashuviga olib kelishi ham ehtimol. 
 

Mavzuga oid