Jahon | 10:25
554
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ho‘rmuz bo‘g‘ozida dengiz blokadasini qayta tikladi

AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) Eronga qarshi yangi havo zarbalarini boshlaganini hamda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali Eron portlariga yo‘l olayotgan yoki u yerdan chiqayotgan kemalarga nisbatan dengiz blokadasi qayta joriy etilganini ma’lum qildi. Vashington bu choralar Eronning xalqaro savdo kemalariga tahdid solish imkoniyatlarini cheklashga qaratilganini bildirmoqda.

Foto: REUTERS

CENTCOM ma’lumotiga ko‘ra, 14 iyul kuni AQSh harbiylari Eronga qarshi navbatdagi zarbalar seriyasini amalga oshirishni boshlagan. Qo‘mondonlik bu hujumlar to‘rtinchi kecha ketma-ket davom etayotganini qayd etdi.

Bayonotda aytilishicha, zarbalarning asosiy maqsadi Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozida harakatlanuvchi tijorat kemalariga hujum qilish imkoniyatlarini yanada cheklashdan iborat.

Shu bilan birga, AQSh Markaziy qo‘mondonligi Eron portlari va sohil hududlariga kiruvchi yoki u yerdan chiquvchi kemalarga nisbatan dengiz blokadasi qayta tiklanganini e’lon qildi.

Hozirda Yaqin Sharq mintaqasida AQSh Harbiy-dengiz kuchlarining 20 dan ortiq jangovar kemasi va yuzlab harbiy samolyotlari xizmat qilmoqda. CENTCOM Amerika qo‘shinlari yuqori jangovar shaylik holatida ekanini ta’kidladi.

Ayni paytda Eronning Mehr axborot agentligi Fors ko‘rfazi, Ummon ko‘rfazi va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi akvatoriyasida eshitilgan portlash ovozlari dengizdagi qurolli to‘qnashuvlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini xabar qildi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida dengiz blokadasi qayta joriy etilganini tasdiqladi. Biroq u avvalroq e’lon qilingan dengiz orqali tashiladigan yuklarga 20 foizlik yig‘im joriy etish rejasidan voz kechganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington daromadni Fors ko‘rfazi davlatlari bilan savdo kelishuvlari orqali oshirishni rejalashtirmoqda.

Fox News telekanaliga bergan intervyusida Tramp Eronga qarshi harbiy amaliyotlar Tehron «yetarli» deb hisoblamagunicha davom etishini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Eronning harbiy salohiyati jiddiy zaiflashgan, ammo mamlakatda hali ham qarshilik ko‘rsatish imkoniyatlari saqlanib qolgan. Shuningdek, AQSh prezidenti kelishuvga erishilmasa, kelasi hafta Erondagi elektr stansiyalariga ham zarba berilishi mumkinligini istisno qilmadi.

Trampning ma’lum qilishicha, 14 iyul kuni AQSh va Eron vakillari o‘rtasida muzokaralar ham bo‘lib o‘tgan.

13 iyul kuni Donald Tramp AQSh Ho‘rmuz bo‘g‘ozini o‘z nazoratiga olganini e’lon qilib, Eron kemalari va Tehron bilan hamkorlik qiluvchi sub’yektlarga nisbatan dengiz blokadasi tiklanishini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, u Kongressni Eronga qarshi harbiy harakatlar qayta boshlangani haqida rasman xabardor qilgan.

Avvalroq, 17 iyun kuni AQSh va Eron o‘rtasida jangovar harakatlarni to‘xtatish hamda Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi cheklovlarni bekor qilishni nazarda tutuvchi hadli kelishuv imzolangan edi. Biroq 25 iyun kuni Eron dron-kamikadzesi fuqarolik tankeriga hujum qilganidan keyin AQSh bir nechta javob zarbalarini amalga oshirdi.

Reuters agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 11 iyul kuni o‘tkazilgan yopiq muzokaralarda Eron rasmiylari Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi yangi hujumlar uchun mas’uliyatni «tizim nazoratidan tashqaridagi elementlar» zimmasiga yuklagan hamda Vashington bilan muloqotni davom ettirishga tayyor ekanini bildirgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid