Jahon | 22:48 / 22.11.2016
11526
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh sudi 31 kg keladigan ayolga istaganicha och qolishga ruxsat berdi

Foto: Google Street View

AQShning Nyu-Jyersi sudi anoreksiyadan (ishtahaning yo‘qligi) aziyat chekuvchi, 31 kg keladigan ayolni majburiy ravishda ovqatlantirishni taqiqlab qo‘ydi. 29 yoshli bu qiz 2014 yildan beri ruhiy kasalliklar shifoxonasida davolanadi. Qiz shu davrdan beri ovqat yeyishga ehtiyoj sezmasligini aytib keladi hamda unga palliativ terapiya (og‘riqlarni yengillashtiruvchi terapiya) qo‘llashni so‘raydi.

Qiz majburiy davolanishga chiday olmay oxiri sudga murojaat qildi. Shtat hukumati va prokurorlar ayolning arzini rad etishni talab qilishgan, biroq ayolning advokati uning manfaatlarini himoya qila olgan. Advokat uning himoyasidagi ayolning suyaklari xuddi 92 yoshli kampirning suyaklaridek mo‘rtligini, shu sababli uni majburiy ovqatlantirish hayotiga xavf solishi mumkinligini aytgan. 

Oqibatda sud ayolning yonini olib, unga qancha istasa, shuncha och qolishga ruxsat bergan.

Ma'lum qilinishicha, ayolga anareksik fikrlar 5 yoshligidayoq kela boshlagan. U 13 yoshidan ovqat tanovul qilishni rad eta boshlagan. Buning oqibatida qiz hayotining ko‘p qismini turli oshqozon kasalliklari, depressiya va giyohvandlikdan davolanish bilan o‘tkazgan.

 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid