O‘zbekiston | 18:56 / 24.11.2016
5109
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya oliy o‘quv yurtida bo‘lib o‘tgan tadbir O‘zbekistonda Prezident saylovlari mavzusiga bag‘ishlandi

Foto: O‘zA

Rossiya xalqlar do‘stligi universitetida joriy yil 4-dekabr kuni O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Prezident saylovlariga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizning Moskvadagi diplomatiya vakolatxonasi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirda Rossiya xalqlar do‘stligi universitetida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar ishtirok etdi. Ular respublikamizning ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotida ro‘y berayotgan muhim voqealarga doir atroflicha ma'lumotlar bilan tanishdilar. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘ladigan navbatdan tashqari saylovga tayyorgarlik va uni o‘tkazish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga alohida e'tibor qaratildi. 

Tadbirda so‘zga chiqqanlar saylov jarayonida ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik tamoyillari ta'minlanishi borasidagi sa'y-harakatlarga atroflicha to‘xtaldilar. Ta'kidlanganidek, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, saylov komissiyalari o‘z faoliyati yuzasidan fuqarolarni xabardor etishadi, saylovchilar va unda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalar ro‘yxatini, Prezidentlikka nomzodlar haqidagi ma'lumotlarni taqdim etadi.

Shu o‘rinda O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi huzurida 26-saylov uchastkasi tashkil etilgani ma'lum qilinar ekan, Rossiya oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar hamda Rossiya hududida bo‘lib turgan mamlakatimiz fuqarolari oldinda turgan saylovga oid barcha ma'lumotlar bilan tanishishlari va shu yil 4-dekabr kuni tashkil etiladigan ovoz berishda qatnashishlari uchun hamma sharoitlar yaratilgani bildirildi.
Shuningdek, brifing ishtirokchilari davlat rahbari lavozimiga nomzodlarning saylovoldi tashviqotining olib borilishi qoidalari, saylov jarayonida ochiqlik va oshkoralik ta'minlanishida ommaviy axborot vositalari tutadigan o‘rin haqidagi ma'lumotlar bilan ham yaqindan tanishdilar.

Tadbir qatnashchilari O‘zbekistonda oldinda turgan saylovlar yuksak tashkiliy-huquqiy va moddiy-texnikaviy darajada, ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik tamoyillariga muvoviq ravishda o‘tishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgani yuzasidan yakdil fikr bildirishar ekan, bu, o‘z navbatida, mamlakatimizda demokratik islohotlarning yanada chuqurlashishida muhim omil bo‘lishini ta'kidladilar. 

Xususan, Rossiya xalqlar do‘stligi universitetining 3-bosqich talabasi Muhammad Hamidov o‘z chiqishida bunday axborot tadbirlarining o‘tkazilishi Vatanimiz hududidan tashqarida bo‘lgan yoshlar uchun juda foydali va zarur ekanligini qayd etdi. “Biz bugungi uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston hayotining barcha sohalarida hayotga tadbiq etilayotgan islohotlarga oid zarur ma'lumotlarni oldik. Biz o‘qishimizni tezroq tamomlashni va o‘z uyimizga qaytishni, mamlakatimiz taraqqiyotiga o‘z hissamizni qo‘shishni istaymiz. Davlatimiz rahbari lavozimiga saylovlar biz uchun va bizning kelajagimiz uchun katta ahamiyatga ega. Shu bois biz 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan ushbu muhim siyosiy tadbirda faol qatnashamiz”, dedi u. 

“Jahon” AA

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid