19:15 / 25.11.2016
6100

YeIdagi o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi tarixda birinchi bor rekord yoshga yetdi

Foto: © AFP

YeIda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi ilk bora 80 yildan oshdi. Bu haqda Yevropa komissiyasi va iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish Tashkiloti hisobotida ma'lum qilingan, deb xabar berdi The Independent.

Tadqiqotga ko‘ra, YeIning 28 davlatidagi o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 90-chi yillardagi 74,2 yoshdan 2014-chi yilda 80,9 yoshga oshgan. Yevropa Ittifoqining g‘arbiy mamlakatlarida yashovchi insonlar Markaziy va Sharqiy Yevropadagi kishilarga qaraganda sakkiz yil ko‘proq umr ko‘radi. Shu bilan bir qatorda, salbiy kuzatuvlar ham bor.

Masalan, 2014 yilda yoshi katta aholining 16 foizi semizlikdan aziyat chekkan. 2000-chi yillarda bu ko‘rsatgich 11 foizga teng edi. Shuningdek, chekishning ko‘payishi, ichkilikbozlik va doimiy kasalliklar miqdori ham oshib bormoqda.

Har yili o‘rtacha 55 mingdan ortiq mehnatga layoqatli kishilar yurak xuruji, insult, diabet, saraton va nafas olish yo‘llari kasalliklari sabab erta hayotdan ko‘z yumadi. Umumiy hisoblaganda, YeIning deyarli 50 million fuqarosi ikki yoki undan ko‘proq doimiy xastalikdan aziyat chekadi.

Bu kasalliklar bilan kurash uchun (nogironlik bo‘yicha nafaqa va kasallik varaqasi) YeI YaIMning taxminan 1,7 foizi sarf etiladi. Mutaxassislar Yevropa aholisining tezda qarib borayotgani haqida ham bong urmoqda. 1980-chi yillarda 65 yoshdan katta bo‘lgan kishilarning miqdori 10 foizdan oshmagan bo‘lsa, 2015-chi yilga kelib bu holat - 20 foizni tashkil etdi.
 

Mavzuga oid
Top