
Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirining dastlabki natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi soni 39 047 321 nafarni tashkil etdi.
Ammo 2026 yil 1 yanvar holatiga, rasmiy statistika bo‘yicha aholi soni 38 236 704 nafar edi. Farq – 810 617 nafarni tashkil etmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi izohiga ko‘ra, bu holat aholi soni sun’iy ravishda oshganini anglatmaydi. Aksincha, ro‘yxatga olish – mamlakatda muayyan sana holatiga haqiqiy yashab turgan aholini to‘liqroq qamrab olishga qaratilgan yirik statistik jarayon hisoblanadi.
Rasmiylarning tushuntirishicha, farq yuzaga kelishining asosiy sabablari quyidagilar bilan bog‘liq:
joriy hisob-kitoblar odatda tug‘ilish, o‘lim va migratsiya bo‘yicha ma’muriy ma’lumotlar asosida yuritiladi;
aholining ichki harakati, yashash joyini o‘zgartirishi, vaqtincha boshqa hududda bo‘lishi yoki ro‘yxat ma’lumotlarining o‘z vaqtida yangilanmasligi hisob-kitoblarda farq keltirib chiqarishi mumkin;
ro‘yxatga olish jarayonida uy xo‘jaliklari, turar joylar va manzilli obektlar bo‘yicha ma’lumotlar to‘g‘ridan to‘g‘ri aholidan yig‘ildi;
onlayn ro‘yxatga olish, OneID tizimi, planshetlar va geolokatsiya ma’lumotlaridan foydalanish qamrovni kengaytirishga xizmat qildi;
O‘zbekiston hududida 1 yildan ortiq istiqomat qilayotgan xorijiy fuqarolar ham ro‘yxatga olindi.






