Jahon | 20:42 / 26.11.2016
9369
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Kuba munosabatlarini nimalar kutmoqda?

Foto: amazinavenue.com

Kuba inqilobi yetakchisi Fidel Kastroning o‘limi Havana va Vashington o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash yo‘lida to‘siq hosil qilishi mumkin. Bu haqida Ispaniyaning El Pais gazetasi xabar berdi

"Fidel Kastroning o‘limi AQSh va Kuba o‘rtasidagi munosabatlarning bundan keyin normallashuviga doir masalalarga noaniqlik kiritadi. Bu munosabatlar AQSh prezidentligi saylovlarida respublikachi Donald Trampning g‘alabasidan keyin shundoq ham katta so‘roq ostida qolgandi. Amerikaning yangi saylangan prezidenti, demokrat Barak Obama tomonidan boshlab berilgan Havana bilan munosabatlarni davom ettirish yoki ularga chek qo‘yish borasida qaror qabul qilishiga to‘g‘ri keladi", - deya ta'kidlanadi nashrda. 

Manbada qayd etilishicha, Fidel Kastro o‘z vaqtida ukasi - Raul Kastroning AQSh bilan diplomatik aloqalarni yo‘lga qo‘yish tashabbusiga qarshilik qilmagan. Biroq maqolada keltirilishicha, bu Kuba rahbariyatida ushbu tashabbusni hamma birdek qo‘llab-quvvatlaganini bildirmaydi. 

O‘z navbatida, Tramp saylov oldi kampaniyasida Havana bilan munosabatlarning tiklanishini xato deb atadi. U Havanada demokratik o‘zgarishlar yuz bergunga qadar AQShning Kubaga nisbatan joriy qilingan barcha cheklov choralarining saqlanib qolish tarafdori.

El Pais Donald Tramp o‘z lavozimiga kirishganidan keyin Kubaga nisbatan munosabatini o‘zgartirmasligiga ishora qildi. Bu bo‘lg‘usi ma'muriyatning Kubaga qarshi embargoni davom ettirish tarafdorlaridan tuzilayotganligi bilan izohlandi. 

26 noyabr kuni Kubaning hozirgi yetakchisi Raul Kastro akasi Fidelning 90 yoshda vafot etganligi haqida e'lon qildi. 

AQSh va Kuba o‘rtasidagi munosabatlar Barak Obamaning hukumat tepasiga kelganidan keyin yaxshilana boshladi. Amerika rahbari mart oyida Kubaga tashrif buyurdi va u yerda mamlakat yetakchisi Raul Kastro bilan uchrashdi. Bu 1928 yildan buyon AQSh prezidentining ushbu orolga ilk tashrifi bo‘ldi. Bugungi kunda Amerikaning ko‘plab kompaniyalari Kuba bozoriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqa boshlashdi. Biroq orolda bunga nisbatan cheklovlar hali ham qisman saqlanib qolgan. 

 

Mavzuga oid