Fan-texnika | 08:58 / 28.11.2016
11625
4 daqiqa o‘qiladi

Atoqli shifokor Bokeriya lazer va asos hujayralari yordamida yurakni davolash yo‘llari haqida so‘zlab berdi

Foto: RIA Novosti. Ilya Pitalev

Rossiyadagi Bakulev nomidagi yurak-tomir jarrohligi markazida lazer va asos hujayralarini qo‘llagan holda yurak ishemik kasalligini davolashda yangi natijalarga erishishga imkon beruvchi noyob operatsiyalar ishlab chiqilgan va muvaffaqiyatli qo‘llanmoqda, deb aytdi Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligining bosh kardiojarrohi, markaz direktori, atoqli shifokor Leo Bokeriya.

Bokeriyaning aytishicha, bunday texnologiyalar 1990-yillar boshida yaratila boshlagan.

"Shunday kasallar borki, ularga na operatsiya, na stentlash o‘tkazish mumkin, chunki ularning tomirlari juda ingichka yoki bir nechta joylarda yopilib qolgan. Bunday kasallar juda ko‘p. O‘z vaqtida statistikaga ko‘ra, ishemik kasallar orasida bundaylar deyarli 30 foizni tashkil qilgan", deb aytmoqda Bokeriya.

Uning aytishicha, lazerni qo‘llash g‘oyasi qon yurak ichidagi bo‘lmachalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelishi uchun yurakning chap qorinchasida teshik ochishdan iborat bo‘lgan. Bunda ushbu operatsiyani qon ketish bo‘lmasligi va yurak to‘xtab qolishidan qochish uchun u qisqarmayotgan vaqtda o‘tkazish muhim hisoblanadi. Birinchi marotaba bunday qurilma AQSh kompaniyasi tomonidan yaratilgan, keyinroq rossiyalik fiziklar ham shunday qurilmani yaratganlar. Jarrohning aytishicha, Rossiyada yaratilgan qurilma kasallikning o‘ziga xosligini yaxshiroq hisobga oladi. Bunday jarayondan minglab odamlar o‘tgan.

"2007 yilda, o‘n yildan keyin natijalarni xulosalay boshlaganimizda, bu jarayondan o‘tgan 94,2 foiz odamlar yashayotgani va o‘zlarini yaxshi sezayotganlari aniqlangan. Bu bizni yangi izlanishlarga ilhomlantirdi. Biz o‘shanda parallel tarzda asos hujayralari bilan ham shug‘ullanardik va bu teshikchalarning samarasini ular yaqinida odamning o‘zidan olingan asos hujayralarini kirgazib oshirish imkoniyati borligini angladik", deb o‘z so‘zlarini davom ettirdi shifokor.

Yaqin oradagi bunday operatsiya 29 noyabrda o‘tkaziladi. Bemorda yurak ishemik kasalligining og‘ir ko‘rinishi mavjud. Yurakni oziqlantiruvchi arteriyalar toraygan. Erkak bir nechta yurak xurujlarini boshidan o‘tkazgan, bundan keyin miokard jonsiz bo‘lib qolgan va demak, yurak butun kuch bilan qisqarmayapti. Ta'kidlanishicha, bu bemorga aorta-koronar shuntlashni qo‘llash mumkin emas. Bu holatda jarrohlar lazer yordamida yurak mushagida kichik teshikchalar ochib, so‘ngra unga asos hujayralarini kiritadilar. Keyinroq bu yerda yangi tomirlar paydo bo‘ladi.

Bokeriyaning ta'kidlashicha, bu kashfiyot Rossiyada yuqori darajada tan olingan va u uchun markazga 2003 yilda Rossiya hukumatining fan va texnika sohasidagi nufuzli mukofoti taqdim qilingan.  

"Hozirda ishlar davom etmoqda. Odatda, barcha tomirlar o‘lik bo‘ladi yoki biror tomirda stenoz bo‘ladi, unga shuntlash yoki stentlashni qo‘llash mumkin bo‘ladi, boshqa tomir esa hech qayerga yaramaydi. Shunday holda biz bitta yoki ikkita shunt qilamiz, hech narsa ulab bo‘lmaydigan joyga esa lazer-asosli davolashni qo‘llaymiz", deb o‘z so‘zlarini nihoyaladi taniqli shifokor va bu usul bilan 100 dan ko‘proq odam davolanganini qo‘shimcha qildi.

Mavzuga oid