O‘zbekiston | 20:18 / 28.11.2016
4236
3 daqiqa o‘qiladi

Narimon Umarov investitsiya takliflarini chuqur o‘rganishga chaqirdi

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov 28 noyabr kuni Toshkent viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Videomuloqot shaklida tashkil etilgan uchrashuvni O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Toshkent viloyati kengashi raisi R.Tolipov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili M.Berdiqulova yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlarining qariyb 15 foizi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 12 foizdan ortig‘i, iqtisodiyotimizga jalb etilayotgan investitsiyalarning taxminan 10 foizi, yalpi ichki mahsulotning 9,7 foizi ayni shu viloyat hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Narimon Umarov saylovchilarni o‘z saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlari bilan tanishtirar ekan, unda ilgari surilgan g‘oyalar “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan huquqiy-demokratik davlat, ma'naviy va axloqiy yetuk adolatli fuqarolik jamiyati barpo etish borasidagi dasturiy maqsad va vazifalariga asoslanganini ta'kidladi. 

Investitsiya takliflarini chuqur o‘rganish va investorlarning ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, yangi texnika va texnologiyalarni kiritish, raqobatbardosh, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarilishini ta'minlash bo‘yicha majburiyatlarini qat'iy nazoratga olish asnosida korxona va muassasalarni bosqichma-bosqich xususiylashtirish siyosatini davom ettirishga alohida e'tibor qaratilgan.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati L.Koshelapova, Toshkent viloyati ko‘p tarmoqli markaziy shifoxonasi bosh shifokori B.Qosimov, xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi deputati K.Hamidova, “To‘ytepa Agro Maks” mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari U.Shoumarov, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati kapital qurilish direksiyasi rejalashtirish bo‘limi yetakchi mutaxassisi Ye.Ablayeva va boshqalar nomzodning saylovoldi dasturi xususida fikr bildirib, saylovga tayyorgarlik jarayoni milliy qonunchiligimiz va umume'tirof etilgan xalqaro normalarga muvofiq o‘tayotganini ta'kidladi. Saylovchilarni 2016 yil 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.

 

Mavzuga oid