Jamiyat | 21:59 / 02.12.2016
16869
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning umumta'lim maktablarida Konstitutsiyaning 24 yilligiga bag‘ishlab tadbirlar o‘tkazilmoqda

Umumta'lim maktablarida joriy yilning 15 noyabridan – 15 dekabr kuniga qadar “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – mamlakat taraqqiyoti va jamiyat farovonligining huquqiy kafolati” shiori ostida huquqiy va ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar oyligi o‘tkazilmoqda. Bu haqda Xalq ta'limi Axborot xizmati xabar bermoqda.

Ayni kunda, 193 nafar hududiy xalq ta'limi boshqaruv organlari xodimlari, XTXQTMO institutlari professor-o‘qituvchilari va malakali mutaxassislardan tarkib topgan doimiy faoliyat yurituvchi hududiy targ‘ibot guruhi a'zolari ta'lim muassasalarida va aholi o‘rtasida “Inson, uning qadr-qimmati, haq-huquqi oliy qadriyat” mavzusida targ‘ibot ishlarini reja asosida olib bormoqda.

Shu bilan birga, ta'lim muassasalarida o‘quvchilarning huquqiy ongini yuksaltirish va olgan bilimlarini mustahkamlash maqsadida tegishli darslarda, “Ertalabki saflanish” va “Tarbiyaviy soat”larda hamda pedagog xodimlar uchun “Ma'naviyat soati” tadbirlarida “Konstitutsiyani o‘rganamiz”, “Konstitutsiya - mening taqdirimda” mavzularida huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari, huquqshunos olimlar ishtirokida ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar, uchrashuvlar, ochiq muloqotlar va davra suhbatlari tashkil etilmoqda.

Qolaversa, barcha ta'lim musassasalarida o‘quvchilar o‘rtasida “O‘zbekiston kelajagi barkamol avlod qo‘lida”, “Inson huquqlari – eng oliy qadriyat”, “Konstitutsiya – taraqqiyotimiz poydevori”, “Konstitutsiya – mening huquq va burchlarim“, “Konstitutsiya va huquqiy madaniyat”, “Konstitutsiya – ravnaqimiz qomusidir” mavzularida insholar tanlovlari o‘tkazilmoqda. G‘oliblar faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanmoqda.

Shuningdek bolalar va o‘smirlar sport maktablari mas'ulligida Konstitutsiya kuniga bag‘ishlab o‘quvchilar va o‘qituvchilar o‘rtasida sportning 14 turi bo‘yicha turnirlar o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, Respublika ta'lim markazi tomonidan joylarda o‘quvchilar o‘rtasida “Konstitutsiya – baxtimiz poydevori” respublika ko‘rik-tanlovining quyi  bosqichlari o‘tkazilmoqda.

Bu kabi tadbirlar aniq maqsadga ega, qat'iyatli farzandlarimiz safini kengaytirish, ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Uzluksiz ta'limning boshlang‘ich bo‘g‘inidanoq bolalarimizning huquqiy savodxonligi shakllanib borayotgani, yoshlarimizning o‘z konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini, oila, jamiyat hamda davlat oldidagi burch va majburiyatlarini bilishi uchun har tomonlama ko‘maklashilayotgani ayni muddaodir.

 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid