Tanishining 30 ming AQSh dollarini o‘marmoqchi bo‘lgan ayol va uning ikki sherigi jazoga tortildi
Asli xorazmlik bo‘lgan Zuhra (ism-shariflar o‘zgartirilgan) anchadan beri Qo‘yliq bozorida savdo qilsa-da, hech biri ikki bo‘lmasdi, deb yozadi “Postda” nashri.
Ertalabdan kechgacha topgani ijara puli-yu ro‘zg‘origa amal-taqal yetardi. Yonida poliz mahsulotlari sotuvchi Dilbarga havasi kelardi. Ular turmush o‘rtog‘i bilan savdo qilar, uy olish uchun pul to‘plashardi. Odatdagi kunlardan birida Dilbar yiqqan pullari 30 ming AQSh dollari bo‘lganligini, o‘zlariga munosib uy qidirishayotganligini og‘zidan gullab qo‘ydi-yu, Zuhraning paytavasiga qurt tushdi.
Zuhra baxtidan ham tinmagandi. Bir necha yillar ilgari eridan ajrashgan, hozirda ishining tayini yo‘q Quvvat ismli yigit bilan ijara uyda birga istiqomat qilardi. Kechqurun bozordan qaytgandan keyin u Quvvatga Dilbarning 30 ming dollari borligi haqida gap ochdi.
Ular ayolning pullarini qanday qilib qo‘lga kiritish to‘g‘risida kelishib oldilar. Ertasi kun Quvvat ish bilan Yashnobod tumani bandlikka ko‘maklashish markaziga yo‘l oladi. Ko‘r ko‘rni qorong‘ida topadi, deganlariday, shu yerda yollanma ish bilan shug‘ullanuvchi Bahodir ismli yigit bilan tanishib qoldi. Unga 30 ming dollar haqida gapirib, uni ham o‘z jinoiy ishlariga sherik qiladi.
Oradan 2-3 kun o‘tgach, ular birgalikda Dilbarning yashash manzili tomon yo‘l olishdi. Uy yonida joylashgan o‘rindiqda o‘tirib, ayolning 8 yoshli o‘g‘lining maktabdan qaytishini kutishdi. Ammo ovi baroridan kelmagan shovvozlarning tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib, ortga qaytishdi.
Ertasi kuni ular yana ko‘zlangan manzilda Dilbarning o‘g‘lini kuta boshlashdi. Taxminan bir soatlardan keyin maktabdan uyga qaytayotgan Elbekka ko‘zlari tushdi. Shunda Quvvat hovliqqancha, boladan ilgari uyga yugurib kirib ketdi. Hech narsadan xabari yo‘q Elbek uchinchi qavatda joylashgan uy eshigini ochayotganida, tepa qavatdan tushib kelgan Quvvat undan “Chanqadim, suv ichsam bo‘ladimi?” dedi. Bola uyga kirib eshikni yopmoqchi bo‘lganida esa zo‘rlik qilib ichkariga kirdi. Uning ortidan Bahodir ham yetib keldi-yu, bolani mahkam ushladi. Quvvat esa uyni tintishga tushdi. Ularning xatti-harakatidan qo‘rqib ketgan Elbek bor ovozda baqirib yig‘lay boshladi. Bahodir uning ovozini o‘chirish uchun bir necha joyiga musht tushirdi. Sumka ichidan pul topishgach esa uydan otilib chiqishdi.
Jinoyatchilar taksida Toshkent viloyatining Ohangaron tumaniga yo‘l olishdi. Manzillariga yetib borishgach, sumkadagi pullarni sanab ko‘rishdi – ular kutganidek 30 ming AQSh dollari emas, balki 23 million so‘m va 3 ming 500 AQSh dollari borligi aniq bo‘ldi. Ushbu puldan 7 million 500 ming so‘m va 1 ming 500 AQSh dollari Bahodirga tegdi. Qolgani Zuhra bilan Quvvatga beriladigan bo‘ldi.
Ertasi kuni Quvvat Zuhraning ulushini berib yuborish uchun Ohangaron tumanidagi avtoshohbekatga yo‘l oldi. Pul solingan qutini “pochta” sifatida Toshkentga qatnaydigan taksichidan berib yubordi. Taksichi Qo‘yliq bozoriga yetib kelib, Zuhraga qo‘ng‘iroq qildi. Hovliqqancha yetib kelgan Zuhra pulning cho‘g‘i kamligini ko‘rib, hafsalasi pir bo‘ldi. Qo‘ng‘iroq qilib Quvvat bilan gaplashdi. Ammo Quvvatning gaplariga ishonmay, taksichiga: “Kimdan olgan bo‘lsangiz, o‘shanga qaytarib olib boring”, deb “pochta”ni qabul qilmadi.
Mo‘maygina pulni qo‘lga kiritishni rejalashtirgan Zuhra alamidan nima qilishni bilmay, Quvvatdan o‘ch olish maqsadida ichki ishlar organi xodimlariga bo‘lib o‘tgan voqeani so‘zlab berdi. Jinoyatchilar zudlik bilan qo‘lga olindi. Endi ular jinoiy qilmishlari uchun sud oldida javob beradilar. Zuhra ham jinoyat tashkilotchisi sifatida jazodan benasib qolmaydigan bo‘ldi.
Mavzuga oid
11:24 / 06.11.2024
IJQKDning iqtisodiy jinoyatlarni tergov qilish sohasidagi vakolatlari aniqlashtiriladi
11:12 / 29.10.2024
8 yilgacha qamoq jazosi – Jinoyat kodeksiga «lixoradchik»lar uchun alohida modda kiritildi
10:50 / 28.10.2024
Xorazmda ayrim loyihalar uchun Polsha texnologiya va investitsiyalari jalb qilinadi
16:26 / 16.10.2024