Jahon | 11:03 / 07.12.2016
6083
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Pentagon rahbari lavozimiga Mettis nomzodini rasman bildirdi

© REUTERS/ Mike Segar

AQSh prezidenti etib saylangan Donald Tramp general Jyeyms Mettis nomzodini Pentagon rahbari lavozimiga taklif qildi.

"Bizning harbiy strategiyamiz muvaffaqiyati uchun mudofaa vazirligini boshqaradigan mos odam kerak. Shuning uchun men general Jyeyms Mettis nomzodini Pentagon rahbari lavozimiga taklif qilishimni e'lon qilishdan xursandman", deb aytdi Tramp Shimoliy Karolinadagi nutqida. Uning chiqishi Fox News telekanali orqali namoyish qilindi.

Tramp Mettisni "ko‘plab yillar davomidagi eng samarali faoliyat yuritgan AQSh generallaridan biri" deb atadi.

Mettis hozirda 66 yoshda bo‘lib, uning oxirgi ish joyi AQSh markaziy qo‘mondonligi bo‘lgan, u Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo uchun javob bergan. U bu lavozimda 2010-2013 yillar davomida ishlagan.

Mettis harbiy xizmatni 1969 yilda AQSh dengiz piyodasi korpusida boshlagan. 1991 yilda Fors ko‘rfazidagi urushda, keyinroq Afg‘onistondagi operatsiyada ishtirok etgan, 2003 yildan Iroqda diviziya boshlig‘i bo‘lgan. Keyin esa dengiz piyodasi korpusi rivojlanishiga javob bergan, birlashgan kuchlar qo‘mondonligini boshqargan. Mettis harbiy xizmati davomida "Quturgan it" laqabini olgan. Tramp u haqda gapirganda uning aynan shu laqabini eslab o‘tgan.

Mettis iste'foga ketgach, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullangan, General Dynamics mudofaa kompaniyasi direktorlar kengashi tarkibiga kirgan, qurolli kuchlar ishlari bo‘yicha bir qator nohukumat tashkilotlari ishida ishtirok etgan.

Tramp prezidentlik vakolatlarini 2017 yil 20 yanvarda bajarishga kirishadi. Shundan keyin u vazirlar lavozimlariga o‘z nomzodlarini ko‘rib chiqish uchun AQSh kongressiga taklif qiladi. 

Mettisga qo‘shimcha ruxsat kerak bo‘ladi. Bu shu bilan bog‘langanki, 1947 yilda AQShda mudofaa vaziri lavozimini 10 yildan ko‘proq vaqt harbiy xizmatda bo‘lmagan shaxs egallay olishi haqida qonun qabul qilingan. Hozirda bu muddat 7 yilni tashkil qiladi. Mettis esa iste'foga bor-yo‘g‘i 2013 yilda ketgan, ya'ni u bu talabga javob bermaydi.

Senat bunday qarorni faqatgina bir marta – 1950 yilda qabul qilgan, o‘shanda mudofaa vaziri lavozimini general Jorj Marshall egallagan.
 

Mavzuga oid