Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
WP: Pentagon Minnesotaga desantchilarni yuborishga tayyorgarlik ko‘ryapti
The Washington Post (WP) gazetasining AQSh Mudofaa vazirligi mansabdorlariga tayanib yozishicha, AQSh armiyasining taxminan 1500 nafar harbiy xizmatchisiga Minnesota shtatiga ko‘chishga tayyor turish haqida buyruq berilgan. U yerda migratsiya politsiyasi harakatlariga qarshi aksiyalar tinmayapti. Bu haqda WP yakshanba, 18 yanvar kuni Pentagondagi ismi oshkor etilmagan rasmiylarga tayanib xabar berdi.
Foto: REUTERS
Manbalarga ko‘ra, 11-havo-desant diviziyasining ikki piyoda bataloni jalb qilinishi mumkin. Ular Alyaskada joylashgan va sovuq sharoitga o‘rgangan. Ayni paytda Minnesotaning shimolida kunduzi taxminan -15°C, kechasi esa -20°Cdan past.
WP bilan suhbatlashgan Pentagon vakili qo‘shinlarni tayyorlashni “oqilona rejalashtirish” deb atagan va yakuniy qaror hali qabul qilinmaganini aytgan. Nashr ta’kidlashicha, harbiylarni mitinglarni bostirish uchun yuborish 1992 yildan beri birinchi bunday holat bo‘lishi mumkin. O‘shanda harbiylar Los-Anjyelesdagi tartibsizliklarni bostirgan.
15 yanvar kuni Donald Tramp TruthSocial ijtimoiy tarmog‘ida ochiqchasiga 1807 yilgi “Isyon to‘g‘risidagi qonun” (Insurrection Act)ni qo‘llashi mumkinligini yozgan. Ushbu qonun armiyani mamlakat ichida ishlatishga ruxsat beradi. Minnesotada norozilikka chiqqanlarni respublikachi Tramp “isyonchilar” deb atagan.
Minnesota aholisi 7 yanvar kuni Minneapolisda o‘tkazilgan reyd paytida immigratsiya politsiyasi (ICE) agenti AQSh fuqarosi Rene Nikol Gudni otib o‘ldirganidan keyin har kuni norozilik aksiyalariga chiqmoqda. Shahar va shtat hokimiyati immigratsiya politsiyasining harakatlariga qarshi chiqqan. Minneapolis meri, demokrat Jyeykob Frey ICE agentlaridan “shahardan chiqib ketish”ni talab qilib, ularning harakatlari aholi xavfsizligiga tahdid solayotganini aytgan.
Shu orada, AQSh Adliya vazirligi Frey va Minnesota shtati gubernatori, demokrat Tim Uolzga nisbatan tergov boshlagan. Ular immigratsiya politsiyasi faoliyatiga to‘sqinlik qilish maqsadida til biriktirganlikda gumon qilinyapti.
Uolz esa sud-huquq tizimini siyosiy raqiblarga qarshi qo‘llash avtoritar amaliyot ekanini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rene Gudning o‘limi bo‘yicha tergov doirasida yagona tergov qilinmayotgan shaxs — unga qarshi qurol ishlatgan federal agentning o‘zi.
Mavzuga oid
09:40 / 05.12.2025
NYT OAV uchun joriy etilgan cheklovlar sabab Pentagonni sudga berdi
09:15 / 14.11.2025
Pentagon narkokartellarga qarshi yangi operatsiya haqida e’lon qildi
23:41 / 12.11.2025
Pentagon tanklar va vertolyotlarni bepul tarqatishini e’lon qildi
10:40 / 01.11.2025