Jamiyat | 23:37 / 14.12.2016
10378
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreyaning eng yirik bozorida it go‘shti sotish taqiqlab qo‘yildi

Foto: Getty Images

Janubiy Koreyaning Sonnam shahri rahbariyati mamlakatning eng yirik bozori Moran’da itlarni o‘ldirib, ularning go‘shtini sotishni taqiqlab qo‘ydi, deb xabar bermoqda The Korea Herald nashri.

Shahar rahbariyati va bozorning savdogarlari uyushmasi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, keyingi haftadan bozordagi itlar so‘yiladigan kushxonalar va ular saqlanadigan qafaslar olib tashlana boshlanadi va bu jarayon mart oyi boshidagina to‘liq yakunlanadi. Bozorda hammasi bo‘lib 22 ta nuqtada it go‘shti sotiladi. Shahar rahbariyati o‘z biznesini o‘zgartirishga majbur bo‘ladigan it go‘shti sotuvchilariga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatadigan bo‘ldi.

Ushbu kelishuv ochiq osmon tagidagi an'anaviy bozorlarni qayta jihozlash loyihasining bir qismi hisoblanadi. "Biz ishni bozordagi kushxona va qafaslarni olib tashlashdan boshlaymiz va oxir-oqibat butun bozorda it go‘shti sotilishini to‘xtatamiz", deb ma'lum qildi shahar rahbariyati vakili.

Moran bozori 1960-yillarda ochilgan. Bu bozorda tirik jonzotlardan tortib qadimiy buyumlargacha bo‘lgan mahsulotlar sotiladi. Bozorda har yili 80 mingga yaqin o‘lik va tirik itlar sotiladi. Bozorning ulushiga mamlakatda iste'mol qilinadigan butun go‘sht miqdorining uchdan biri to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, bozordagi itlar tor qafaslarda saqlanadi hamda xaridor biror itni tanlaganda, it uning ko‘z o‘ngida so‘yib beriladi.

 

Mavzuga oid