19:26 / 16.12.2016
13256

Dushanbeda Markaziy Osiyoda eng katta teatr barpo etilmoqda (fotohisobot)

Tojikiston madaniyat vazirligi o‘z saytida Markaziy Osiyoda eng katta teatr qurilishi qanday ketayotganligiga oid fotohisobotni taqdim etdi. Vazirlik ma'lumotlariga ko‘ra, bino poydevorining 80 foizi qurib bo‘lingan. 

Yangi teatr "Tojikiston milliy bayrog‘i" parki hududidagi muzey yonida qad ko‘tarmoqda. Madaniyat vazirligi xabariga ko‘ra, teatr binosi ikki qavatli yer osti inshooti va balandligi 34,5 metrli 5 qavatli asosiy inshootdan iborat. 

Loyihaga ko‘ra, u 3 katta zal va ko‘plab kichik zallar hamda boshqa bo‘limlardan iborat bo‘ladi. Asosiy korpusda 2500, 1200 va 1000 kishiga mo‘ljallangan zallar xizmat ko‘rsatadi. 

Asosiy korpusning balandligi 16-18 metrni tashkil qiladi, sahna o‘lchamlari - 302x1,6 metr. Orkestr o‘tiradigan joy ham shu yerda bo‘lishi ko‘zlangan. Sahnaning ikki tomonida zamonaviy grimxonalar, repetitsiya zallari va boshqa inshootlar joylashgan. Yuqori qavatlarda ko‘rgazma va badiiy salonlar, repetitsiya zallari va ustaxonalar, o‘quv xonalari bo‘ladi. 

Yer osti inshootida 250 avtomashinaga mo‘ljallangan avtoturargoh va ko‘plab texnik ustaxonalar bo‘ladi. 

Markaziy Osiyoda eng katta bo‘lishi kutilayotgan teatr qurilishiga taxminan 680 million somoniy ajratilgan. 

 

Top