Sport | 18:28 / 21.12.2016
5756
2 daqiqa o‘qiladi

Kamerun termasining 7 futbolchisi Afrika Millatlar Kubogiga borishdan bosh tortdi

7 nafar futbolchi Kamerun terma jamoasi bilan Afrika Millatlar Kubogida ishtirok etishdan bosh tortdi. Bu haqda BBC Sport xabar tarqatgan.

Bu futbolchilar musobaqa vaqtida o‘z klublari ixtiyorida bo‘lishni ixtiyor qilishgan. Terma jamoa safida bo‘lishdan bosh tortganlardan biri «Liverpul» safida o‘ynayotgan himoyachi Joeal Matip. U terma jamoaning avvalgi murabbiylar shtabidan norozi bo‘lgach, termaga kelmay qo‘ygandi. Kamerun terma jamoasi uchun o‘ynashdan bosh tortganlar qatorida Andre Onana («Ayaks»), Gi N’Di Assembe («Nansi»), Maksim Pundjye («Bordo»), Andre-Frank Zambo («Marsel»), Ibrahim Amadu («Lill») va Allan Nom («Vest Bromvich») ham bor. Ular bu qarorlariga izoh berishmagan.

2016 yilning fevralida Kamerun terma jamoasiga belgiyalik mutaxassis Ugo Broos bosh murabbiy etib tayinlangandi. Uning fikricha, milliy terma jamoa uchun o‘ynashdan bosh tortish - ularning o‘z manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yishidir. Uning qayd etib o‘tishicha, bu vaziyatda Kamerun futbol federatsiyasi FIFAdan ushbu futbolchilarga sanksiya qo‘llashni talab etishi mumkin bo‘ladi.

Afrika Millatlar Kubogi Gabonda 2017 yilning 14 yanvaridan 5 fevraliga qadar bo‘lib o‘tadi. Kamerun terma jamoasi A guruhida Gabon, Burkina-Faso va Gvineya-Bisau terma jamoalariga qarshi kurash olib boradi.

Mavzuga oid