Jamiyat | 18:47 / 27.12.2016
16613
7 daqiqa o‘qiladi

Istiqlolimiz, istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi

Foto: O‘zA

28 dekabr – Mustaqillik va ezgulik monumenti ochilgan kun.

Ona sayyoramiz bag‘ridagi O‘zbekiston xaritasi, parvozga shaylangan turnalar, osuda tin olayotgan oq laylaklar, farzandiga mehr-la termilgan baxtiyor ona siymosi, marmardan ishlangan oppoq yo‘lak...

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov g‘oyasi va rahnamoligida mamlakatimizning bosh maydonida barpo etilgan ushbu ramzlar el-yurtimiz hayotida chuqur ma'no-mazmunga ega. Ular ajdodlarimiz asrlar davomida orziqib kutgan, bugungi baxtiyor avlodlarga nasib etgan eng ulug‘, eng aziz ne'mat bo‘lmish istiqlolimiz, kelajagi buyuk davlat barpo etish yo‘lida yuksak marralarni zabt etayotgan azmu shijoatli xalqimiz qalbidagi ezgu va beg‘ubor orzular ifodasidir.

...Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov 2005 yilning 28 dekabrida Mustaqillik maydonida qad rostlagan yangi monument poyiga ilk gulchambar qo‘ydi. Davlatimiz rahbarining taklifiga binoan ushbu muazzam majmuaga hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi – Mustaqillik va ezgulik monumenti, deb nom berildi.

Ezgulik arkasi bosh maydonimizning o‘ziga xos ramziy darvozasidir. Arka tepasidagi parvozga shaylanayotgan turnalar xalqimizning buyuk orzu-maqsadlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lidagi intilishlari, qat'iyati va irodasi, oq laylaklar tinch va osuda, farovon hayotimiz timsollaridir. Arkaning baland va mustahkam ustunlari mamlakatimiz rivoji uchun poydevor bo‘layotgan baquvvat tayanch asoslar ifodasidir. Bu ostonadan o‘tadigan har bir inson muqaddas dargohga qadam qo‘yayotganini his qiladi.

Maydon ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turgan obidadagi zarhal Yer sharida alohida ajralib turgan O‘zbekiston xaritasi yurtdoshlarimizda cheksiz g‘urur va iftixor tuyg‘ularini jo‘sh urdiradi. Ushbu tasvir Vatanimiz dunyo ichra yagonaligi, uning jahon ayvonida o‘z o‘rni, obro‘si borligi va shuhrati tobora yuksalib borayotgani ramzidir.

Mamlakatimiz istiqlol yillarida o‘z kuchi va salohiyatiga tayangan, sarhadlari, tinch va osuda hayotini himoyalashga qodir bo‘lgan, bugun izchil va barqaror sur'atlar bilan rivojlanib borayotgan zamonaviy, mustaqil va suveren davlatga aylandi. Xalqimizning turli sohalarda erishayotgan ulkan yutuq va marralari xalqaro ekspertlarning ham e'tirofiga sazovor bo‘layotir. 

2005 yili Mustaqillik monumenti oldida Baxtiyor ona siymosi ifoda etilgan muazzam haykal qad rostladi. Bugungi tinch, osuda hayotimiz, porloq kelajakka bo‘lgan mustahkam ishonchimiz aks etgan, farzandini bag‘riga bosib, unga shukronalik va muhabbat bilan termilib turgan ona siymosida har birimiz o‘z volidamizni, beg‘ubor bolaligimizni, e'tibor va e'zozda kamolga yetayotgan barkamol avlodni ko‘rgandek bo‘lamiz. Majmua erkin demokratik davlat, inson manfaati va huquqlari har narsadan ustun turadigan fuqarolik jamiyati barpo etilayotgan mamlakatimizda ayol zotiga bo‘lgan cheksiz hurmat-ehtirom ifodasi hamdir.

O‘tayotgan 2016 yilga Sog‘lom ona va bola yili, deb nom berilib, hayotning mazmuni bo‘lgan sog‘lom va barkamol farzandlar tarbiyasiga, uni bag‘rida ardoqlab, ezgu fazilatlar ruhida kamolga yetkazadigan, oila qo‘rg‘onining chiroyi va charog‘boni bo‘lgan ayol zotining ijtimoiy mavqeini yanada mustahkamlashga doir keng ko‘lamdagi chora-tadbirlarning amalga oshirilayotgani sog‘lom va ahil oila xalqimizning ezgu maqsadi, barcha orzu-havaslari mezoniga aylanganidan dalolatdir.

Umumxalq bayramlari va tantanali marosimlarda, sportchilarimizni yirik xalqaro musobaqalarga jo‘natish yoki yurtimizda yirik xalqaro ko‘rik-tanlov va musobaqalarni o‘tkazish oldidan ushbu obida poyiga gulchambarlar qo‘yish an'ana tusini oldi. Mamlakatimizga tashrif buyuradigan xorijiy mamlakatlarning davlat va hukumat rahbarlari, turli darajadagi delegatsiyalar vakillari va boshqa mehmonlar Monument poyiga gulchambar qo‘yib, mustaqil Vatanimizga hurmatini ifoda etadi.

Mustaqil hayot ostonasi sari odimlayotgan kelin-kuyovlar Ezgulik arkasidan o‘tib, pok niyat va go‘zal amallar ramzi bo‘lgan oq marmarlardan yurib, Baxtiyor ona poyiga gul qo‘yarkan, uning siymosida o‘zlarining beg‘ubor orzularini ko‘radi. Mustaqillik va Ezgulik – ajdodlardan meros qadriyatlarimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylab, kelajak avlodlarga yetkazish mas'uliyatini anglaydi.

Shu kunlarda Mustaqillik maydoni yanada ko‘rkam va fayzli qiyofaga kirgan. Yangi yil bayrami arafasida qad rostlagan ulkan archadagi turfa bezaklar va kamalakrang chiroqlar barchaga zavq-shavq ulashmoqda.

– Bu yerga har safar kelganimda ajib bir sokinlikni, uning zamirida mujassam bo‘lgan mamlakatimizdagi osoyishtalikni yanada teran his qilaman, – deydi poytaxtlik Saydullo bobo Mirzayev. – Shu bilan birga, bugungi tinch hayot, musaffo osmon, to‘kinlik va farovonlikka qanday og‘ir yo‘qotishlar, sinov va mashaqqatlar evaziga erishganimiz xayolimdan o‘tadi. O‘sha mash'um xotiralar har birimizni mustaqillik atalmish eng ulug‘, eng aziz ne'matning, bugungi dorilomon kunlarning qadriga yetishga chorlaydi. Istiqlolning buyuk mohiyati va ahamiyati, hayotimizda, ongu tafakkurimizda olamshumul o‘zgarishlar sarchashmasi bo‘lganini yanada chuqur anglashga undaydi.

– Har safar Vatanimizning bosh maydonini ziyorat qilganimda Mustaqillik va ezgulik monumentini ayricha mehr-muhabbat bilan ko‘zdan kechiraman, – deydi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi Sindor Mirzaliyev. – Bu qutlug‘ obidaning ko‘z ilg‘amas, sirli jihatlarini yangidan kashf etgandek bo‘laman. Monumentda xalqimizning o‘lmas tarixi, buguni va bugunidan-da yorug‘ kelajagi namoyon. Shu haqda o‘ylar ekanman, O‘zbekiston atalmish muqaddas diyor farzandi ekanimdan faxrlanib ketaman.

Ha, Mustaqillik va ezgulik monumenti xalqimizning bunyodkorlik salohiyati, ulug‘ tarixiga sadoqati, hamisha yorug‘ manzilga umid va ishonch bilan intilishi, mustahkam irodasi va yuksak ma'naviy ruhi sharafiga qo‘yilgan nodir va o‘lmas obidadir. Zotan, ana shunday noyob insoniy fazilatlarga, yuksak ma'naviyatga ega bo‘lgan xalq hech qachon hech kimga qaram bo‘lmaydi, o‘zining buyuk maqsadlariga albatta erishadi.

Dilshod KARIMOV,
O‘zA sharhlovchisi

Mavzuga oid