Tramp AQSh Isroilga behurmatlik qilmasligi kerakligini aytdi
AQShning yangi prezidenti etib saylangan Donald Tramp AQSh Isroilga nisbatan "bunday behurmatlik va bepisand munosabatda bo‘lishni davom ettirmasligi kerak" deb aytdi.
"Avval ular (Isroil) AQSh timsolida katta do‘stga ega bo‘lganlar, biroq hozir...", deb yozdi Tramp tvitterda.
Trampning aytishicha, yil boshida "dahshatli Eron kelishuvi", yil oxirida esa "BMT rezolyutsiyasi" yuz berdi.
Tramp AQSh ishtirok etgan Eron bilan yadroviy bitimni bir necha marotaba tanqid qilgan.
"Isroil, kuchli bo‘lib qol, 20 yanvarga yaqin qoldi", deb yozgandi Tramp boshqa bir tvitida.
20 yanvarda Tramp inauguratsiyasi bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMT Xavfsizlik kengashi Isroilga Falastin hududlarida turar-joylar qurishni taqiqlovchi rezolyutsiyani qabul qilgandi. Tramp bu rezolyutsiyaga taqiqlov qo‘yishga chaqirgan. Shundan keyin Tramp BMTni "yoqimli suhbat qurishdan boshqasiga yaramaydigan joy" deb aytgan.