Jahon | 19:20 / 03.01.2017
10395
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya prezidentining impichmenti bo‘yicha birinchi sud yig‘ilishi atigi 9 daqiqa davom etdi

Foto: RIA "Novosti"

Janubiy Koreya konstitutsion sudi parlamentning prezident Pak Kin Xening impichmenti yuzasidan qaroriga doir ilk ochiq majlisini o‘tkazdi. U davlat rahbarining kelmagani tufayli atigi to‘qqiz daqiqa davom etgan.

Renxap agentligining ma'lumotlariga ko‘ra, Janubiy Koreya prezidentining kelmagani tufayli sud ayblov va himoya tomonining so‘zga chiqishini payshanba kuniga qoldirdi. Pak Kin Xe yana sudga kelmaydigan bo‘lsa, kelajakdagi majlislarda uning ishonchli vakili qatnashadi.

Impichment sud tomonidan tasdiqlanadigan bo‘lsa, mamlakatda ikki oy davomida yangi prezident saylovlari o‘tkazilishi lozim. Pak Kin Xening prezidentlik vakolatlari rasman 2017 yilning fevralida yakuniga yetishi kerak edi.

Ma'lumot uchun, Janubiy Koreya huquqni muhofaza qilish organlari mamlakat prezidentining dugonasi Tsoy Sun Silni hech qanday davlat lavozimlarini egallamay turib, prezident tomonidan qabul qilinayotgan siyosiy qarorlarga ta'sir o‘tkazishda gumon qilmoqda. Bu holat esa oxir-oqibat prezidentga impichment e'lon qilishga sabab bo‘ldi.

Tsoy Sun Sil hibsga olindi. U va prezident ma'muriyatidagi ikki nafar yuqori lavozimli amaldorga xizmat vazifalarini suiiste'mol qilish bo‘yicha ayblovlar qo‘yildi. Mamlakat parlamenti esa 9 dekabr kuni prezident Pak Kin Xega impichment e'lon qilishga ovoz berdi. Davlatda prezident vazifasini vaqtincha bosh vazir Xvan Gyo An bajarmoqda.

Mavzuga oid