20:12 / 03.01.2017
9521

Zidan «Real» boshqaruvida 1 yil: «1 yilda ko‘p sochim to‘kildi»

«Real» jamoasi bosh murabbiyi Zaynidin Zidan Ispaniya Kubogi doirasida 4 yanvar kuni «Sevilya»ga qarshi kechadigan uchrashuv oldidan matbuot anjumanida ishtirok etdi va jamoadagi bir yillik faoliyati bo‘yicha fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Men taqdimot marosimida qattiq asabiylashgandim. Odam hamisha hayajonlanadi, ammo o‘shanda boshqacha hayajon bor edi.

O‘tgan yilda juda ko‘p sochim to‘kildi, ammo bundan xafa emasman. Men o‘zim sevgan ish bilan mashg‘ulligimdan xursandman. Lekin oldinda qilishim kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘p. Men futbolchilarimning ishidan mamnunman.

Men futbolchi sifatida juda ko‘p g‘alabalarga erishganman va hamisha imkon qadar ko‘p narsa yutib olishga harakat qilganman. Men jamoadagi faoliyatim juda muvaffaqiyatli chiqqanidan xursandman, bunday bo‘lishini kutmagandim. Ammo biz to‘xtamasdan o‘z yo‘limizda davom etishimiz kerak.

Men barcha bilan bir xilda muomala qilishim kerak. Men futbolchi ekanimda ham shunday o‘ylar edim. Futbolchi va murabbiy munosabati hamisha yaxshi bo‘lishi kerak. Men bilaman, yanada yaxshi bo‘lishim mumkin. Lekin buni boshqalar aytgani yaxshi. Men futbolni jon dilimdan sevaman, futbol hayotimning bir qismi. Har bir murabbiyda va har bir futbolchida shunday bo‘lmog‘i kerak», – degan Zidan.

Eslatib o‘tamiz, Zidan «Real» boshqaruviga roppa-rosa bir yil oldin, 2016 yilning 4 yanvarida, Rafael Benitesning iste'fosidan keyinoq tayinlangandi.

Top