Jahon | 12:03 / 10.01.2017
7947
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya AQSh va Yaponiya bilan harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishdan bosh tortdi

Janubiy Koreya hukumati AQSh va Yaponiyaning KXDR suv osti kemalariga qarshi harakatlarni mashq qilish bo‘yicha harbiy-dengiz kuchlarining uch tomonlama harbiy mashg‘ulotlarini o‘tkazish haqidagi taklifini rad etdi. Bu haqda «Asaxi» nashrida yozilgan.

Suv osti kemalariga qarshi mashg‘ulotlar o‘tkazish g‘oyasi dekabr oyida 3 mamlakat harbiy idoralarining yuqori mansabli vakillarining Seulda bo‘lib o‘tgan maslahatlashuvlari chog‘ida ilgari surilgan edi.

Bunday kollektiv harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazish g‘oyasi noyabr oyida Tokio va Seul o‘rtasida maxfiy harbiy axborot almashish to‘g‘risida bitim imzolangani munosabati bilan aytilgan edi. Bu yaponlarning samolyotlari aniqlagan razvedka ma'lumotlari Janubiy Koreya qurolli kuchlariga yetkazilishni ta'minlar edi.

Ma'lumotlar almashinuvi tizimini yo‘lga qo‘yish uch tomonlama mashg‘ulotlar davomida amalga oshirilish ko‘zda tutilgandi.  Ammo Seul uch tomonlama mashg‘ulotlarni Janubiy Koreyaning amaldagi prezidenti Pak Kin Xening impichmenti jarayoni bilan bog‘liq ravishda yuzaga kelgan xaos sharoitida o‘tkazmaslikni taklif qilgan. Tokio bilan yangi harbiy bitim tuzilishi aynan prezident tashabbusi edi, ammo hozir Janubiy Koreyada hokimiyatdan chetlatilgan Pak Kin Xe bilan bog‘liq hech narsa qabul qilinmayapti.

Eslatib o‘tamiz, Koreya Respublikasi prezidenti dugonasi asosiy rol o‘ynagan korruptsion janjal tufayli xalq orasida ishonchini yo‘qotdi. Shundan so‘ng mamlakat parlamenti uni iste'foga chiqarish foydasiga ovoz berdi. Mazkur impichment natijalari Konstitutsion sudda ko‘rib chiqilmoqda.

Mavzuga oid