Jamiyat | 14:18 / 16.01.2017
5454
2 daqiqa o‘qiladi

Braziliyadagi qamoqxonalardan birida yuz bergan isyonda 30ga yaqin mahbus halok bo‘ldi

Foto: Reuters

Braziliya qamoqxonalaridan birida sodir etilgan keng qamrovli isyon 26 kishining umriga zomin bo‘ldi. Riu-Grandi-du-Norti shtati xavfsizlik vazirligi shu haqda so‘nggi ma'lumotlarni taqdim etgan.

"Umumiy hisobda 26 kishi o‘lgan. Avvalroq, 27 kishi deyilgan edi, chunki ayrim jasad qoldiqlari topilgani sababli, sanashda xato qilingan", - deya izoh bergan vazirlik rahbari Kayu Bezerra matbuot anjumanida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yana 9 kishi tan jarohati olgan. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, "Alkasus" qamoqxonasidagi tartibsizliklar 14 soatdan ortiqroq davom etgan. U  "Poytaxtning birinchi qo‘mondonligi" jinoiy guruhi tomonidan tashkil etilgan. Shu bilan birga, hodisa ro‘y bergan vaqtda, 620 o‘ringa mo‘ljallangan qamoqxonada 1200 nafarga yaqin mahbus saqlangani oshkor bo‘lgan. 

Ta'kidlash joizki, 2017 yil boshidan Braziliya qamoqxonalari isyon ko‘tarmoqda. 1 yanvar kuni Manaus shahridagi axloq tuzatish idorasida mamlakat tarixidagi eng keng qamrovli tartibsizliklar bo‘lib o‘tdi. Dushmanona kayfiyatdagi jinoiy guruhlarning o‘zaro to‘qnashuvi 56 kishining umriga zomin bo‘lgan. 

6 yanvar kuni Rorayma shtatidagi qamoqxonada 33 nafar mahbusning jasadi topildi. Ayrim taxminlarga ko‘ra, ular - "Qizil qo‘mondonlik" va "Poytaxtning birinchi qo‘mondonligi" guruhlari o‘rtasidagi ziddiyat qurboni bo‘lishgan.

Bundan tashqari, 15 yanvar kuni 20 nafardan ortiq kishi Parana shtatidagi qamoqxona devorini portlatgan va qamoqdan qochishgan. Ularning ikki nafari politsiyachilar tomonidan otib tashlangan. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid