O‘zbekiston | 12:08 / 16.01.2017
28590
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Prezidenti: Virtual qabulxonalar silliq hisobotlar orqasidan quvmay, real muammolarni tezkor hal etishi lozim

14 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining mamlakatimizni 2016 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini har tomonlama tahlil qilish hamda respublika hukumatining 2017 yil uchun iqtisodiy va ijtimoiy dasturi eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini belgilashga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev so‘zga chiqdi va turli sohalardagi bir qator muhim kamchiliklar haqida so‘z yuritdi. 

“Eng asosiy ustuvor vazifa – «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» Davlat dasturini amalga oshirish, «Inson manfaatlari hamma narsadan ustun» degan olijanob g‘oyani izchillik bilan hayotga tatbiq etishdan iborat.

Aynan ana shu eng muhim vazifalar iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning asosiy yo‘nalishlari va ustuvor vazifalariga jiddiy o‘zgartirishlar kiritish uchun poydevor bo‘lishi kerak. 

Buning uchun quyidagi vazifalarni bajarishimiz lozim.

Birinchi– fuqarolar bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yishning yangi samarali usul va mexanizmlarini tatbiq qilish, jumladan, barcha darajadagi hokimlar, prokuratura va ichki ishlar organlari rahbarlarining aholi oldida hisobot berish tizimini joriy etish kerak. O‘ylaymanki, ana shu muhim ishda Qonunchilik palatasi va Senat qo‘mitalari faol ishtirok etadi.

Joriy yilning 1 fevralidan boshlab Qonunchilik palatasi Spikeri – Nuriddinjon Mo‘ydinxonovich Ismoilov va Senat Raisi – Nig‘matilla To‘lqinovich Yo‘ldoshev ham joylarga chiqib, mavjud ahvolni shaxsan o‘rganish asosida aholining eng muhim ehtiyojlarini hal etishda amaliy yordam ko‘rsatishlari maqsadga muvofiqdir.

Ikkinchi– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi, har bir tuman va shahardagi Xalq qabulxonalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi faoliyatini samarali tashkil etishni ta'minlash darkor.

Ana shu ishlarning bosh maqsadi – fuqarolarning qonuniy murojaatlarini qisqa muddatda sinchiklab ko‘rib chiqishni va hal etishni ta'minlashdir. Bu borada raqamlar va silliq hisobotlarning orqasidan quvib, navbatdagi kampaniyabozlikni uyushtirish kerak emas.

Buni xalq hech qachon kechirmaydi! 

Bundan buyon agar arizachi olgan javob xatidagi o‘z qonuniy muammosi yechimidan qanoat hosil qilmasa, bunday murojaat nazoratdan olinmaydi.

Uchinchi– Bosh vazir boshchiligida tuzilgan maxsus komissiya bir hafta muddatda «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» Davlat dasturi loyihasini yana bir bor qayta ko‘rib chiqib, tasdiqlash uchun kiritishi kerak”, dedi O‘zbekiston Prezidenti.
 

Mavzuga oid