O‘zbekiston | 22:37 / 11.01.2018
27932
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident virtual qabulxonasi yangi versiyada ishga tushadi

2018 yil Davlat dasturi loyihasida O‘zbekistonda elektron hukumat tizimini takomillashtirishga doir yangi uch yillik strategiya ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Shuningdek yangi strategiyani ishlab chiqish va uni amalga oshirish doirasida birinchi o‘rinda mobil hukumatga o‘tish jarayoni yo‘lga qo‘yiladi. KUN.UZ muxbiri Axborot texnologiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari O.Umarovning "Taraqqiyot strategiyasi" markazida bergan ma'lumotiga asoslanib, shu haqida xabar berdi. 

"Bugungi kunda O‘zbekistondagi internet foydalanuvchilari soni taxminan 20 millionni tashkil qilsa, ulardan 17 millioni aynan mobil internet foydalanuvchilaridir. Shunday ekan, barcha davlat organlari va idoralar yaqin orada mobil qurilmalar orqali elektron xizmat ko‘rsatish masalasiga katta e'tibor qaratadi", deydi vazir o‘rinbosari. 

O.Umarov sohada belgilab olingan qator muhim ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtalib o‘tdi:

1. Davlat organlaridagi turli jarayonlarni optimallashtirish uchun shunchaki avtomatlashtirilgan tizimlarni joriy qilishgina emas, balki intellektual tizimlarni joriy qilish ham ko‘zda tutilmoqda. 

2. Davlat elektron xizmatlari. Bugungi kunda 350dan ortiq interaktiv xizmatlar yagona portalda joriy qilingan. Bu xizmatlarning taxminan 20 foizigina aholi o‘rtasida talabgor. Shu bois Adliya vazirligi, Davlat xizmatlari agentligi bilan hamkorlikda eng ustuvor 50 xizmat turi aniqlandi, ular optimallashuv va takomillashuv jarayonlaridan birinchi bo‘lib o‘tadi hamda elektron shaklga o‘tkaziladi. 

3. Axborot maydonining barcha tizimlarini birlashtiruvchi Integratsion platforma yaratish. Shunda odamlar hujjatlar bilan xonama-xona sarson bo‘lmay, elektron hujjatlarning idoralararo uzatilishi yo‘lga qo‘yiladi. 

3. Butun respublika bo‘ylab saylovchilarni ro‘yxatga oluvchi yagona tizim joriy qilish va saylov jarayonini boshqarish.

4. Prezident virtual qabulxonasining yangi versiyasi. Bugunga kelib 1,5 million kishi davlat rahbarining virtual qabulxonasiga murojaat qilgan. Tez orada virtual qabulxonaning yangi versiyasi ishga tushadi. Uning avvalgisidan farqlari:

- murojaatlardan kelib chiqib tahlillar o‘tkaziladi: eng ko‘p beriladigan savollar qaysi, aholini ko‘proq qanday muammolar o‘ylantirmoqda - shu kabi savollarga ko‘p beriladigan javoblar tayyorlandi, bu ba'zi odamlarning murojaat qilmay turiboq o‘zini qiziqtirgan savolga javob topish imkonini beradi.

- bir elektron maydondan istagan rahbarga chiqish imkoni. Bugungi kunda ko‘plab vazirlik va idoralar o‘z saytiga ega. Ularning har biriga alohida murojaat qilish ko‘pincha qator noqulayliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Endi bularning bari markazlashtiriladi. 

- onlayn-konsultant. Call-markazlar mavjud, endi ularga qo‘shimcha ravishda chatlar orqali savollar berish va muayyan muammo yechimini izlash imkoni kiritiladi.

- ma'lumotlar tahlili. Ushbu ma'lumotlar asosida to‘g‘ri boshqaruv qarorini qabul qilish. Qaysi sektorlarda muammo eng ko‘pligini bilib olish va shundan kelib chiqqan holatda yig‘ilishlar kun tartibini shakllantirish.

5. Davlat organlari xatti-harakatlari ochiqligi. 2015 yilda ochiq ma'lumotlar portali ishga tushdi. Mazkur portalni modernizatsiyalashtirish ko‘zda tutilmoqda. Shu yilning o‘zida kamida 500 ma'lumot taqdim etish. Bu eng avvalo davlat organlari faoliyatining shaffofligini ta'minlaydi. Shuningdek normativ-huquqiy hujjatlar muhokama qilinuvchi portal ham modernizatsiya qilinadi, buning uchun texnik maydon ham ishlab chiqilgan.

Mavzuga oid

E`lonlar