Iqtisodiyot | 12:02 / 17.01.2017
41170
8 daqiqa o‘qiladi

Mitti mamlakatning ulkan imperiyasi

Fors ko‘rfazidagi mitti mamlakat 335 milliard dollarlik xalqaro imperiyaga egalik qiladi.

Qatar yana shijoat bilan xaridlarga kirishdi: so‘nggi ikki oyda jon boshiga hisoblaganda dunyoning eng boy mamlakati Turkiyaning yirik parranda go‘shti ishlab chiqaruvchisi, Rossiyaning Rosneft kompaniyasi va Britaniyaning National Grid gaz kompaniyasiga investitsiya kiritdi.

Vositalar 2005 yilda suyultirilgan tabiiy gaz realizatsiyasidan tushgan rejadan tashqari daromadlarni boshqarish uchun asos solingan Qatar suveren fondi tomonidan investitsiya qilinadi - Qatar yoqilg‘ining bu turini eksport qilish bo‘yicha dunyodagi eng yirik davlat hisoblanadi.

O‘shandan buyon aholisi 2 milliondan kam bo‘lgan mamlakat sayyoraning turli burchaklarida 335 milliard dollarga teng mulk to‘plashga muvaffaq bo‘ldi - Sovereign Wealth Fund Institute ma'lumotlariga ko‘ra, bu Qatarni aktivlar hajmi bo‘yicha dunyoda 14-pog‘onaga ko‘taradi.

2015-2016 yillarda, neft narxining pasayishi bilan Hollivuddagi ko‘chmas mulk, Nyu-Yorkdagi idora inshootlari, Londondagi turar-joy, Italiyadagi moda uylari va hattoki futbol jamoalarini sotib olgan fond va boshqa qatarlik sarmoyachilar investitsiyalarni to‘xtatishdi. Hozir esa narxlar yana ko‘tarildi va Qatar bozorga qaytdi. Quyida Qatar fondining eng yirik mulk obektlariga oid umumiy ma'lumotlarni taqdim etamiz.

Qatar

Ushbu mitti davlat poytaxtiga tashrif 17 milliard dollar qiymatga teng Xalqaro Hamad aeroportidan boshlanadi. Uni fond qaramog‘idagi Qatar Airways kompaniyasi boshqaradi.

Fond Qatar aksiyalar bozoridagi eng yirik investor hisoblanadi, u Fors ko‘rfazining Arab davlatlari hamkorlik kengashi mamlakatlaridagi yetakchi kreditori va 12 mamlakatda faoliyat ko‘rsatuvchi Ooredoo telekommunikatsiya provayderi bo‘lgan Qatar National Bank nazorat paketlariga ega. Kompaniya direktorlar kengashi raisi shayx Abdulla bin Muhammad bin Saud at-Taniy hisoblanadi. U bir vaqtning o‘zida suveren fondni ham boshqarib keladi.

Yevropa

Qatar fondi azaldan Yevropa aktivlarini afzal deb biladi. 2008 yildagi moliyaviy inqiroz vaqtida Qatar o‘z milliardlarini Barclays va Credit Suisse Group banklariga investitsiya qilgan. 2014 yilda Germaniyaning Deutsche Bank banki o‘z kapitalni to‘ldirish uchun aksiyalarini sotganida, mamlakatning sobiq bosh vaziri va qirollik oilasi a'zosi shayx Hamad bin Jasim bin Jobir at-Taniy bankka 1,85 milliard dollar sarmoya kiritgan.

Bundan tashqari, fond Volkswagen konsernining eng yirik aksioneri hisoblanadi. Shuningdek u 2012 yilda Glencore kompaniyasi tomonidan Xstrata'ning 29 milliardlik shartnomasi tuzilishida ham asosiy rolni o‘ynadi, zero fond Glencore'ning eng yirik aksioneri hisoblanadi.

Fondning boshqa yirik xaridlari orasida 2011 yilda «Pari Sen-Jyer­men» futbol klubining qo‘lga kiritilishini yodga olish mumkin. 2012 yilda qatarlik investorlarga tegishli Mayhoola fondi Permira Advisers xususiy kompaniyasidan taxminan 700 million yevroga Italiyaning Valentino Fashion Group SpA brendini sotib oldi. 2015 yilda esa mamlakatning sobiq bosh vaziri Hamad bin Yassim Ispaniyaning El Corte Ingles SA kompaniyasining (G‘arbiy Yevropadagi eng yirik univermaglar tarmog‘i) 10 foiz ulushini xarid qildi.

Buyuk Britaniya

Britaniya OAV xabarlariga ko‘ra, 2014 yildagi Angliya iqtisodiyotidagi Qatar investitsiyalarini kamida 35 milliard dollarga baholash mumkin.

2015 yilda qatarliklar boshchiligidagi investorlar guruhi Canary Wharf ishchi dahasini xarid qildi - bu Qatarning boshqa aktivlariga qo‘shimcha bo‘ldi. Londonning Savoy mehmonxonasi, Shard osmono‘par binosi, Harrods univermagi, Olimpiya qishlog‘i va HSBC minorasidagi ulushlari shular jumlasidandir.

Fondning ko‘chmas mulkka ixtisoslashgan bo‘limi Qatari Diar Gros­ve­nor maydonida joylashgan AQShning Londondagi elchixonasi binosini hashamatli mehmonxonaga aylantirmoqda.

Qatarning Britaniyadagi investitsiyalari ko‘chmas mulk bilangina chegaralanib qolmaydi. Fond Britaniyadagi eng yirik supermarketlar tarmog‘i hisoblangan J Sainsbury'ning 22 foiz ulushiga ega, 2012 yilda esa Xitrou aeroportining 20 foiz ulushini qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, o‘tgan yili Qatar Airways British Airways'ga tegishli IAG kompaniyasidagi ulushini ham 20 foizga chiqardi.

Rossiya

Rossiya aktivlariga investitsiyalar hajmi ham o‘sib bormoqda. Xususan, yaqinda Glencore ishtirokida Rosneft aktiv paketlarini privatizatsiyalash bo‘yicha 11 milliardlik shartnoma imzolandi. Iyul oyida Qatar Peterburgdagi Pulkovo aeroportining 24,9 foiz ulushini xarid qilishga kelishib oldi, 2014 yilda esa Rossiyaning  to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar fondiga 2 milliard dollar sarmoya qildi.

AQSh

Avval yirik investitsiyalar obekti asosan Yevropa bo‘lgan bo‘lsa, so‘nggi paytlarda Qatar o‘z diqqatini AQShga qaratmoqda. 2015 yilda Qatarning Suveren fondi Nyu-Yorkda o‘z idorasini ochdi va neft yig‘imlarini diversifikatsiyalash dasturi doirasida 2020 yilga qadar 35 milliard dollar investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda.

O‘tgan yili Qatarning BeIN Media Group telekompaniyasi Kaliforniyaning bir necha Oskar mukofotiga loyiq ko‘rilgan kartinalar ishlangan Miramax kinokompaniyasini qo‘lga kiritdi.

Real Capital Analytics mutaxassislarining so‘zlariga ko‘ra, 2016 yilda Qatar fondi AQSh idora maydonlaridagi to‘rtinchi katta investor bo‘ldi. Bundan tashqari, o‘tgan yili u Empire State Building osmono‘par inshootiga egalik qiluvchi  Empire State Realty Trust kompaniyasining 10 foiz ulushini xarid qildi va Brookfield Property Partners bilan birga 8,6 milliardlik loyihaga qo‘shildi.

Osiyo

Agar siz Hongkong, Yaponiya, Janubiy Koreya yoki Tayvanga borib, mehmonxonadagi chiroqni yoqsangiz, katta ehtimol bilan Qatar import gazi yordamida olingan elektr energiyasidan foydalanayotgan bo‘lasiz. Xitoy hali-hanuz Qatar investitsiyalarini jalb qila olmadi, holbuki mamlakat 2015 yilda undan eksport qilinuvchi suyultirilgan gazning yarmini sotib olgan, lekin vaziyat o‘zgara boshlamoqda. 

Endi fond Osiyoda investitsiya kiritish uchun obekt izlaydi - 2014 yilda fond rahbarlari Pekin va Nyu-Dehlidagi idoralarini kengaytirish, shuningdek yaqin 6 yilda Osiyoga 20 milliard dollarga yaqin sarmoya kiritish rejalari haqida aytishgandi.

Iyun oyida fond BlackRock kompaniyasi bilan Singapurdagi Square Asia Tower 1 osmono‘par inshootini 2,5 milliard dollarga xarid qilish borasida kelishib oldi - bu Singapurdagi ko‘chmas mulk ishlari orasidagi rekord shartnomadir. 2014 yilda fond Lifestyle International Holdings Ltd univermaglar operatori ulushini qo‘lga kiritdi. U shuningdek hongkonglik milliarder Li Ka-Shingga qarashli elektrik kommunal kompaniyasining 20 foiz ulushiga ega. Bundan tashqari, u Xitoyning CITIC Group'i bilan hamkorlikda 10 milliardlik investitsiya fondini yaratishni rejalashtirmoqda. Shuningdek xabardor manbalarga ko‘ra, SoftBank Group Corp. va Saudiya Arabistoni hukumati tomonidan yaratilgan 100 milliardlik xalqaro texnologiya fondiga investitsiya kiritish imkonini ko‘rib chiqmoqda.

Mavzuga oid