O‘zbekiston | 20:56 / 23.01.2017
7115
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik akademiklar innovatsion ishlanmalar uchun fundamental tadqiqotlar muhim ekanligini aytishdi

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida bir guruh akademik, ilm-fan namoyondalari bilan davra suhbati o‘tkazildi. Bu haqda O‘zMU Axborot xizmati xabar bermoqda. 

Unda 20 dan ortiq akademik, universitet dekanlari, mas'ul xodimlari ishtirok etdilar. 

– Davlatimiz rahbari o‘tgan 25 yil mobaynida mamlakatimiz ilm-fani salmoqli yutuqlarga erishgani, ko‘plab ilmiy kashfiyot va ixtirolar qilingani, ammo zamon barcha sohalar qatori ilm-fanni ham yangi bosqichga ko‘tarishni talab qilayotganini alohida ta'kidladi,– dedi O‘zMU rektori Avazjon Marahimov.– Bu zalvorli ishni biz o‘z kuchimiz bilan qilishimiz lozimligini yaxshi tushunamiz. Universitetimiz faoliyatini rivojlantirishda siz aziz ustozlar bilan hamkorlikni izchil yo‘lga qo‘yishni rejalashtirdik. Yana bir masala, kelgusi yili universitetimiz tashkil topganining 100 yilligini nishonlash borasida ham qimmatli maslahatlaringiz va amaliy yordamlaringiz zarur. 

O‘z navbatida, akademiklar yuqorida o‘rtaga tashlangan masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. 

Milliy universitetda qator yillardan buyon faoliyat ko‘rsatishayotgan taniqli akademiklar Azimboy Sa'dullayev, Mahmud Salohitdinov va boshqalar ilm-fan taraqqiyotida fundamental tadqiqotlar muhim ahamiyat kasb etishi, ular orqali yangi bilimlar o‘zlashtirilishi va nazariyalar shakllantirilishi, kelgusi amaliy tadqiqotlar hamda innovatsion ishlanmalar uchun mustahkam asos yaratilishi, O‘zMUda ulkan imkoniyatlar mavjudligi hamda bu borada amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar haqida atroflicha so‘z yuritdilar. 

Davra suhbatida kelgusida O‘zMU faoliyatini yanada rivojlantirish borasida taklif etilgan masalalar yuzasidan tegishli tavsiyalar ishlab chiqish va amaliyotga joriy etishga kelishib olindi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid