Jahon | 07:38 / 25.01.2017
22611
3 daqiqa o‘qiladi

Suriya bo‘yicha Ostonadagi uchrashuv qanday yakunlandi?

24 yanvarda Ostonadagi Suriya bo‘yicha muzokaralar o‘z poyoniga yetdi. Rossiya, Turkiya va Eron tashqi ishlar vazirliklari Suriya masalasini harbiy yo‘l bilan hal qilishning iloji yo‘qligi haqida umumiy fikrga kelishdi.   

Uchta davlat vakillari 28 soat davom etgan murakkab muzokaralardan keyin qo‘shma bayonot qabul qilishdi. Uni Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri o‘qib eshittirdi. 

Uchta davlat Suriyada o‘t ochishni to‘xtatish tartibini buzishga urinishlarga birgalikda qarshi turish hamda yarashuvning buzilishi holatlarini kuzatib borishga kelishib oldilar.

Shuningdek, o‘rtamiyona muxolifatni terrorchilik tashkilotlaridan ajratish bo‘yicha ishlar olib boriladi. Biroq IShID yoki "Jibhat an-Nusra" kabi terrorchilik tashkilotlari bilan hech qanday kelishuvlar bo‘lmaydi, chunki bu guruhlar BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan terrorchilik tashkilotlari deb tan olingan.   

Suriya prezidenti Bashar Asad vakilining aytishicha, muxolifat bilan bir stolda o‘tirish oson kechmagan. 

"Bu juda og‘riqli bo‘ldi, chunki ulardan ba'zilari teraktlar amalga oshirgan. Afsuski, muxolifat Eronning kafolatlovchi davlat ekanidan norozilik bildirmoqda va uning salbiy roli haqida gapirmoqda. Gap siyosat haqida ketganda, ehtiroslarga berilmay, sovuqqon bo‘lish kerak. Gap norozilikda emas, balki biz bu yakuniy bayonotni tuza olganimizda. Biz ham Turkiyaning roli salbiy deb aytishimiz mumkin edi, biroq biz diplomatlarmiz va shuning uchun bunday gapirmaymiz. Siyosatda o‘z davlatingni saqlab qolish uchun dushmanlar bilan ham ish ko‘rishga to‘g‘ri kelishi mumkin va biz hozir aynan shuni qilmoqdamiz", deb aytdi Suriya vakili Bashar al-Jafariy. 

Bayonotda Suriya muxolifati qurollangan guruhlarining Jyenevada BMT boshchiligidagi keyingi muzokaralarda ishtirok etishga tayyorligi aytilgan. Bu uchrashuv 8 fevralga belgilangan.  

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid