O‘zbekiston | 10:05 / 25.01.2017
32462
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha komissiya tashkil etiladi

Illyustrativ foto

O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha idoralararo komissiya tashkil etish rejalashtirilmoqda, deb xabar bergan respublika Bosh prokuraturasi matbuot xizmati rahbari o‘rinbosari Umid Muhammedov Sputnik nashriga.

Tegishli qonun loyihasi 2017 yilning birinchi choragida ishlab chiqiladi. Muhammedov so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda bunday komissiyalar turli sohalarda allaqachon ishlamoqda. Xususan, bunda odam savdosi bo‘yicha komissiyani misol keltirish mumkin.

"Birinchidan, bizning vazifalarimizdan biri – aynan qaysi hokimiyat organlari korrupsiya bilan kurashishi va ularda qanday huquq hamda majburiyatlar bo‘lishini aniqlashdan iborat. Demak, biz bunday organlar ro‘yxatini taqdim etishimiz lozim. Ular ichiga fuqarolik jamiyati institutlari ham kiritiladi. Ya'ni biz kim nimaga javob berishini aniqlashtirib olishimiz kerak. Hozir bu rejalashtirilgan bo‘lib, normativ aktlar loyihalari tayyorlangan. Ular ayni damda mutaxassislar tomonidan keng muhokama qilinmoqda", - dedi mahkama matbuot xizmati vakili.

Bundan tashqari, uning ta'kidlashicha, bu ishda rivojlangan mamlakatlar, xususan Norvegiya va Singapurning tajribasi ham hisobga olinadi. U yerda korrupsiya darajasi boshqa davlatlarga qaraganda ancha past. 

Shu bilan bir qatorda, suhbatdoshning aniqlik kiritishicha, hozirda yangi tuzilma qaysi funksiya va vakolatlarga ega bo‘lishi borasida bir qadar noto‘g‘ri tushunchalar paydo bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘pchilik buni komissiya go‘yoki qandaydir korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarni fosh qilib, jinoiy ishlarni qo‘zg‘atadi, deb tushungan. Mutaxassisning ta'kidlashicha, mamlakat IIV va Bosh prokuratura kabi kuch mahkamalarida tegishli tuzilma bo‘linmalari faoliyat olib boradi. Ular yangi ishlanmalar doirasida o‘z faoliyatlarini yanada takomillashtiradi, deb qo‘shimcha qildi u.

"Idoralararo komissiya qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqish, tahlil qilish va normativ hujjatlar hamda qonunosti aktlarni targ‘ib qilish va takomillashtirishga yo‘naltirilgan choralar kompleksini qabul qiladi. U bu sohadagi tizimli muammolarni aniqlash bilan shug‘ullanadi.

Shu bilan bir qatorda, bu ishdagi yana bir muhim jihatlardan biri – davlat organlari xodimlari professional tayyorgarligini oshirish. Agarda biz davlat apparati, jumladan, huquqni muhofaza qilish organlari dunyoqarashini o‘zgartirmasak, natijalarga erisha olmaymiz", - deya aniqlik kiritdi Umid Muhammedov. Mamlakatda korrupsiyani yo‘qotish bo‘yicha taklif etilayotgan barcha choralar kompleksi yaqin ikki yilga mo‘ljallab ishlab chiqilayotgan dasturda o‘z aksini topadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid