13:37 / 02.02.2017
15149

O‘zbekiston 2016 yilda 3 million tonna paxta xomashyosi yetishtirdi

O‘zbekistonda 2016 yilda qishloq xo‘jaligini isloh qilish va rivojlantirish bo‘yicha dasturiy chora-tadbirlarni amalga oshirish qishloq xo‘jaligi yalpi mahsulotlarini o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,6 foizga oshirish imkonini berdi. Bu haqda O‘zbekiston Iqtisodiyot vazirligi xabar berdi. 

Paxta maydonlarini 30,5 ming gektarga qisqartirish va bo‘shagan yerlarga ichki hamda tashqi bozorda talab yuqori bo‘lgan meva-sabzavotlarni zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini joriy etgan holda ekish hisobidan ekin maydonlari tuzilmasi optimallashtirildi. 

Natijada, qariyb 3 million tonna paxta xomashyosi, 8,3 million tonna bug‘doy, 21 million tonnadan ziyod meva-sabzavotlar, jumladan, qariyb 3 million tonna kartoshka, 11,3 million tonna meva, 2 million tonna poliz mahsulotlari, 1,7 million tonnadan ortiq uzum, 3 million tonna meva va rezavorlar yetishtirildi va yig‘ib olindi. 

Meva-sabzavotlarni ishlab chiqarish va ularni saqlashga qaratilgan hajmining oshishi, mazkur mahsulotlarni saqlash uchun maxsus sovutgichlarni qurish va saqlash texnologiyasini takomillashtirishga mustahkam zamin yaratdi. Xususan, 2016 yilda 93,1 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash uchun 204 yangi sovutish kamerasi tashkil etildi hamda 12,7 ming tonna mahsulotni saqlaydigan 26 sovutish kamerasi modernizatsiya qilindi. 

Qishloq xo‘jaligi yerlarining unumdorligini yanada oshirish maqsadida 2013-2017 yillarda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish davlat dasturini amalga oshirish doirasida 2016 yilda uzunligi 856,3 kilometrlik kollektor, 322,6 kilometr yopiq kollektor-drenaj tarmoqlari, 233 vertikal drenaj qudug‘i, 12 ta meliorativ nasos stansiyasi, 357,4 kilometr kanal, 70,8 kilometr sug‘orish latok tizimi barpo etildi va rekonstruksiya qilindi.

2016 yilda chorvachilik sektori salohiyatini yanada oshirish maqsadida tijorat banklarining qiymati 464 milliard so‘mdan ziyod kreditlari hisobidan qoramol boqish, parrandachilik, asalarichilik xo‘jaliklarini rivojlantirish va baliq yetishtirishni ko‘paytirish bo‘yicha 5,2 mingta loyiha amalga oshirildi. Natijada, 2017 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, qoramollar umumiy soni qariyb 12,2 million boshga (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 104,5 foiz) yetdi. 2016 yilda tirik vazni 2,2 million tonna go‘sht (106,8 foiz), 9,7 million tonna sut (107,5 foiz), 6,1 milliard donadan ortiq tuxum (110,6 foiz) va boshqa mahsulotlar tayyorlandi.

Top