Jahon | 22:03 / 04.02.2017
6411
2 daqiqa o‘qiladi

Ruminiyada oxirgi 25 yil ichidagi eng yirik namoyishlar o‘tmoqda

Foto: Vadim Ghirda/AP

Ruminiyaning bir qator shaharlarida oxirgi 25 yil ichidagi eng yirik norozilik namoyishlari o‘tmoqda, ularning ishtirokchilari soni 300 ming kishidan oshib ketdi. Bunday ko‘p miqdorda odamlar Ruminiya shaharlari ko‘chalariga 1989 yilda diktator Nakolaye Chaushesku ag‘darilgandan keyin chiqmagandi.

Aholining ommaviy noroziligiga bir oy avval hokimiyat tepasiga kelgan hukumatning keng amnistiya o‘tkazish qarori sabab bo‘ldi. Norozilarning fikricha, amnistiya oqibatida ozodlikka korrupsiyalashgan amaldor va siyosatchilar chiqadi. Bundan tashqari, hukumat mamlakat jinoyat kodeksiga o‘zgartirishlar kiritishga va korrupsiyachilarga qo‘llanadigan jazoni ancha yumshatishga qaror qilgan.

Noroziliklar politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketgan, poytaxt Buxarestda namoyishchilar chiqindilar va avtomobil pokrishkalarini yoqishgan. Politsiyachilarga yonuvchi aralashmali shisha idishlar va toshlar uloqtirilgan. Hukumat o‘nlab kishilar hibsga olinganini ma'lum qildi. 

Ruminiya hukumati amnistiya e'lon qilinishini turmalarni bo‘shatish zaruriyati bilan tushuntirgan. Amaldorlarning aytishicha, hozirda ular me'yoridan to‘lib-toshgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid