20:51 / 07.02.2017
95589

Dastgoh deb hali ham Xitoyga chopayapsizmi? To‘xtang! Andijonga keling

O‘zbek zamini qadim-qadimdan dunyoni lol qoldiradigan iqtidorli olimlar, ixtirochilardan tanqislik sezmagan.

Sarlavhani o‘qib: “Ijodkorlar juda oshirib yuboradi-da..”, deb homuza tortganingiz aniq. Men ham avvaliga ishonmagandim. Borib, ko‘rib, tanishib so‘ngra maqola yozishga o‘tirdim.

Samarqandlik qadrdon jurnalist yigit qo‘ng‘iroq qilib: “Andijonni Bo‘z tumanida mini-zavodlar ishlab chiqaradigan UZMOLREKI ikkinchi nomi BO‘ZFARM korxonasi bor ekan. O‘sha joydan makaron ishlab chiqaradigan dastgoh olmoqchimiz”, deb qoldi. To‘g‘risi, mini-zavodlarni Chin yurtidan keltirilishini bilar edim... Qarangki, Andijonning Bo‘z tumanida ham jahon andozalaridan qolishmaydigan (texnologik tomondan ulardan ham afzal) mini-zavodlar ishlab chiqaradigan korxona bor ekan, deb xabar bermoqda korxonada bo‘lgan Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov.

Meni korxona rahbari Ibrohimjon Saidoxunov kutib olib xonasiga boshladi. U yerda qashqadaryolik tadbirkorlar bilan uchrashdik. “Men Qarshidagi “Tozalik malikasi” jamiyati rahbari Matlubaxon O‘taganovaman. Kir yuvish kukuni va sovun ishlab chiqaradigan mini-zavodlar olib ketish uchun keldim”,- dedi o‘rta yoshli tadbirkor ayol.

21 yil oldin ish boshlagan korxona kimyo, oziq-ovqat, meva-sabzavot, farmatsevtik va kosmetik dastgohlar ishlab chiqarar ekan. Chirchiqdagi quruq sut zavodi, Shahrixondagi “Edelveys” poyabzal korxonasi va Oltiariqdagi quruq sut ishlab chiqaruvchi zavodlardagi dastgohlar shu yerda ishlab chiqarilgan. Yana bir taajjublanarli holat barcha dastgohlar konstruksiyasi va texnologiyasi korxonaning o‘ziga tegishli. “Yaqinda turk firmalari poyabzal bo‘yash dastgohimizni texnologiyasini sotib olishmoqchi ham bo‘lishdi”,- deydi Ibrohimjon. Tabiatan yangilik yaratishga intiluvchan Ibrohimjonni ixtirolarini ko‘rib, shoshib qolasan, kishi. 65 nafar ishchi faoliyat yuritadigan korxonaga texnolog, kimyogar va biologlar Respublika bo‘yicha tanlov o‘tkazib ishga olinadi.

Korxonada tayyorlangan universal dastgohda esa 54 turdagi kuyuq oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish mumkin. Ishonasizmi, Ibrohimjonning ish stolida kundalik ehtiyojimiz uchun kerakli mahsulotlar tayyorlaydigan juda ko‘p dastgohlarning chizmalari bilan tanishdik. Jamiyat qoshida mutaxassislarga dastgohlarda ish olib borishni o‘rgatadigan bepul kurs ham ishlab turibdi.

Yig‘ish sexida katta hajmdagi sisternaga o‘hshash qurilmani ko‘rib ixtirochidan: “Bu qanday uskuna?”, deb so‘radim. “Bu kir yuvish uchun kukun ishlab chiqaradigan texnologiya, Shahrixonda yashovchi tadbirkor chet eldan surishtirsa narxi 200 ming yevro atrofida ekanini aytishibdi. Bizda teng yarmiga tayyor bo‘lyapti. Asosiysi, bu qurilmada eksportbop mahsulot ishlab chiqarish mumkin”, - deydi Ibrohimjon. Korxona bilan yarim soat tanishib, o‘zimni ertaklar olamiga tushib qolgandek sezdim. Maskanda yig‘ilayotgan pishloq, quyultirilgan sut, makaron, quruq sut, poyabzal ishlab chiqaradigan dastgohlar turli oziq-ovqat mahsulotlarini qadoqlaydigan uskunalar va boshqa o‘nlab texnologiyalarga talab juda katta.

Asli bu maskanda olib borilayotgan ishlar haqida batafsil maqola yozish uchun bir-ikki soat kamlik qilishi aniqligini sezdim. Chunki, xodimlar dori-darmon va qizilmiya o‘simligini qayta ishlovchi dastgohlarni ishlash prinsipi haqida juda ko‘p ilmiy so‘zlar bilan javob qaytarishdi.

Prezidentimiz o‘z nutqlarida aholini ish bilan ta'minlash tadbirkorlikka keng yo‘l ochish bo‘yicha juda ko‘p to‘xtalayapti. Maslahatimiz, mutasaddilarimiz fuqarolarni muntazam faoliyat yurituvchi ish joyi bilan ta'minlamoqchi bo‘lsa, Bo‘z tumaniga kelib, korxonada tayyorlanayotgan dastgohlar bilan tanishsin.

Hozirda korxona texnologiyalari bilan ishlayotgan 234 ta zavodda 2 milliondan ziyod kishi ishlamoqda.

Murojat uchun:

+998901487373
+998941009818

Mavzuga oid
Top