16:01 / 07.02.2017
27198

O‘zbekistonda qaysi jinoyat turlari o‘tgan yilga nisbatan sezilarli kamaygani ma'lum qilindi

2016 yilda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 278 mingdan ortiq ish ko‘rilib, ularning 87,9 foizi bo‘yicha hal qiluv qarorlari chiqarildi. Mazkur qarorlar bo‘yicha talablarining 87,8 foizi qanoatlantirildi. 

Shu davrda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 84 118 nafar shaxsga nisbatan 62 mingga yaqin jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot kotibi Aziz Obidov ma'lum qilmoqda.

Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning o‘tgan yildagi faoliyati tahliliga qaraganda, shuni ta'kidlash mumkinki, ayrim jinoyat turlari, xususan, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishdan iborat jinoyatlar, nomusga tegish, bosqinchilik, talonchilik, o‘g‘rilik, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, bezorilik kabi jinoyatlari uchun sudlanganlik ko‘rsatkichlari undan oldingi yilga nisbatan sezilarli darajada kamaygan.

2016 yil davomida yarashuv institutining samarali qo‘llanilishi natijasida 14 811 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etildi.

Shuningdek, jinoiy jazolarni liberallashtirilishi munosabati bilan yetkazilgan 350 mlrd. so‘mdan ziyod moddiy zararning o‘rnini ixtiyoriy ravishda qoplagan 6 270 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan.

Bundan tashqari, hisobot davri mobaynida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 433 637 nafar shaxsga nisbatan 344 mingdan ziyod ma'muriy ish ko‘rib chiqildi.

Top