10:18 / 09.02.2017
34469

Mir Alisher Navoiy – inson manfaatini ulug‘ tutgan buyuk arbob

XV asr jahon ma'naviyatining buyuk siymosi Alisher Navoiy hijriy 844 yil ramazon oyining 17-kunida (1441 yil 9 fevral) Hirotda tug‘ilgan. Hirot shahri XV asr birinchi yarmida Sohibqiron Amir Temur asos solgan ulug‘ saltanatning ikkinchi poytaxti, Temurning kenja o‘g‘li Shohrux Mirzoning qo‘l ostidagi obod manzillaridan biri edi. Alisher tug‘ilgan xonadon Temuriylar saroyiga azaldan yaqin va yurtda muayyan nufuz sohibi edi.

Taqdir Alisher Navoiyni zamonaning ulug‘ va sharafli kishilariga yaqin qildi, ustoz-murabbiylik etuvchi zotlar bilan oshno etdi. 1466—1468 yillar Alisherning umri asosan Samarqandda kechdi. Sulton Husayn Boyqaro Hirotni egallaganda, Alisher Navoiy 28 yoshli mukammal bilimlar egasi, yurtga tanilgan shoir va tajribali davlat arbobi darajasiga yetishgan edi.

Boyqaro do‘stining noroziligiga ham qaramay, 1472 yil fevralida uni vazir lavozimiga tayinlaydi va «Amiri Kabir» («Ulug‘ Amir») unvonini beradi. Bu lavozimda Navoiy el-ulus manfaati, shahar va mamlakat obodonchiligi, madaniyat ravnaqi, adolat tantanasi uchun foydalanadiki, bularning barchasi pirovard natijada Sulton Husayn davlatining barqarorligi va nufuzini ta'minlaydi.

Hirot bu davrda nihoyatda ko‘rkamlashdi, xalq turmushi yaxshilandi, she'riyat, nafis san'atlari rivoj oldi. Talabalar uchun «Ixlosiya» madrasasi, darveshlar uchun «Xalosiya» xonaqohi, bemorlar uchun «Shifoiya» shifoxonasi, masjidi Jome' yoniga qorixona («Dor ul huffoz») qurildi. Ulug‘ amirning kutubxonasida 70 dan ortiq xattot va musavvirlar qo‘lyozmalarni oqqa ko‘chirish, ularni badiiy bezash bilan band edilar. Hirotda yana «Nizomiya», Marvda «Xusraviya» va boshqa madrasalar bino etildi.

Navoiy dehqonchilik ishlarini yo‘lga qo‘yib, juda yaxshi natijalarga erishgan. Tarixchilarning yozishicha, Navoiyning bir kunlik daromadi 18 ming shohruxiy dinor miqdorida edi. Ulug‘ Amir bu daromadning ko‘p qismini xayrli ishlarga sarf qilgan. Tarixchi Xondamir Navoiy qurgan 52 rabot, 20 hovuz, 16 ko‘prik, bir qancha to‘g‘on, ariq, hammom, masjid-madrasalarni eslaydi. Navoiy turli soha olimlariga homiylik qilib, o‘nlab ilmiy risolalar bitilishiga bevosita sababchi bo‘lgan.

Navoiy Madrasa, shifoxonalar qurdirib qo‘ya qolmasdan, ularni kerakli darajada jihozlash, o‘z-o‘zini ta'minlash uchun vaqf yerlar ajratib berish, mudarrislar, tabiblar va boshqa xodimlar bilan ta'minlash, ularga oylik maosh, ozuqa, kiyim-bosh belgilashgacha, talabalar nafaqasi va kitoblarigacha, barcha-barchasini mukammal boshqarib, tashkil etib berar edi va o‘zi doimo xabar olib, nazorat qilib turishni ham unutmasdi. Binolar qurilishi tarhi bilan bevosita shug‘ullanar, usta va shogirdlar mehnatidan boxabar bo‘lib turardi. Shoir o‘z huzuriga tez-tez she'r, ilm va san'at ahlini chorlab, ma'rifiy suhbatlar uyushtirib turar, yosh iste'dodlarni tarbiyat qilib, ularga sharoit yaratardi. Xondamir, Behzod, Vosifiy va o‘nlab ushbu tarbiyatga noil bo‘lgan iste'dod egalari shular jumlasidandir.

Hazrat Mir Alisher Navoiy tomonidan qoldirilgan bunyodkorlik merosi asrlar osha, avlodlardan avlodlarga o‘tib, bugungi kunda o‘z aksini namoyon etmoqda. Mustaqil O‘zbekistonning turli go‘shalaridagi bunyodkorlik, obodonchilik va e'tibor ana shu bobolarning oltin merosidir.

Mavzuga oid
Top