12:44 / 14.02.2017
30875

YeI mamlakatlarida eng kam oylik ish haqiga doir hisobot e'lon qilindi

Foto: DPA

Yevropa Ittifoqi statistika xizmati – Eurostat mutaxassislari tashkilotga a'zo bo‘lgan 22 davlatdagi eng kam oylik ish haqlarini e'lon qildi. Bu 2017 yil yanvaridan to‘lanayotgan eng kam oylik ish haqlaridir, deb xabar qilmoqda Deutsche Welle. 

Ma'muriyat ma'lumotlariga ko‘ra, Yevropa mamlakatlari orasida Lyuksemburgda mehnat qiymati boshqa a'zo mamlakatlarga qaraganda yuqori hisoblanadi va oyiga 1 999 yevroni tashkil etadi. Irlandiyada oyiga 1 563 yevro, Niderlandiyada 1 552 yevro, Belgiyada 1 532 yevro va YeIning iqtisodiy lokomotivi Germaniyada oyiga kamida 1 498 yevro ish haqi to‘lash belgilab qo‘yilgan.

Bu borada, ta'bir joiz bo‘lsa eng kamtorana ko‘rsatkichlar Sharqiy Yevropa hamda Boltiqbo‘yi mamlakatlariga tegishli. Xususan, Bolgariyada oyiga hech bo‘lmaganda 235 yevro, Ruminiyada 275, Latviya va Litvada 380, Chexiyada 407 yevro, Vengriyada 412 yevro, Xorvatiyada 433 yevro, Slovakiyada 435, Polshada 453 va Estoniyada 470 yevro to‘lash belgilangan.

Eng kam oylik ish haqining hajmi mamlakatdagi farovonlik darajasini anglatadi. Chunki, bu yollanib ishlovchi kishilar mehnatiga haq to‘lashning eng quyi darajasini belgilaydi. 

Shu bilan birga, YeIning g‘arbiy va sharqiy hududlaridagi daromadlar farqi juda yirikdir. Ammo, deb ta'kidlaydi Eurostat, agar xarid qilish imkoniyati e'tiborga olinsa, farq unchalik jiddiy bo‘lmaydi.  

2008 yildan buyon Gretsiyadan tashqari, yuqorida nomi keltirilgan barcha mamlakatlarda eng kam oylik ish haqi sezilarli o‘sgan. 

Jumladan, Bolgariyadagi eng kam oylik ish haqi 10 yil mobaynida 109 foizga o‘sgan. Ruminiyada 99 foizga, Slovakiyada 80 foiz, Estoniyada 69 foizga o‘sish qayd etilgan. Lyuksemburgda bu raqam 27 foizdan iborat bo‘lgan. Shunga ko‘ra, "YeIning g‘arbi va sharqidagi ish haqlari orasidagi farq qisqarib bormoqda", - deyiladi hisobotda. 

Shu o‘rinda taqqoslash uchun aytish mumkinki, Rossiyada 2017 yil 1 iyulidan boshlab eng ish haqi 7 800 rublni tashkil etadi. Bu joriy kurs bo‘yicha taxminan 127 yevro demakdir. 

Ukrainada yangi yildan e'tiboran eng kam oylik ish haqi 3 200 griven (110,81 yevro) etib belgilangan. Qo‘shni Qozog‘istonda 2017 yilgi eng kam oylik maosh 24 459 tenge (71,4 yevro) etib belgilangan. 

O‘zbekistonda 2016 yil 1 oktabridan eng kam oylik ish haqi 149 775 so‘m (42,3 yevro), yoshga doir pensiyalar va bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqalar 292 940 so‘m (82,7 yevro), zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa oyiga 179 755 so‘m (50,75 yevro) miqdorida belgilangan. 

Top