09:57 / 20.02.2017
7004

Mo‘sul g‘arbiga hujumning birinchi kunida 10ta qishloq ozod qilindi

Foto: AFP

Iroq federal politsiya kuchlari G‘arbiy Mo‘sulni jangarilardan tozalash amaliyoti boshlangan kunda IShIDning 79 nafar jangarisini yo‘q qildi. Bu haqda hujumning janubiy yo‘nalishiga rahbarlik qilgan qo‘mondon Raid Shokir Javdot ma'lum qilgan.

"Mo‘sul g‘arbiga janubdan yurish davomida 79 jangari o‘ldirildi va mina o‘rnatilgan 13ta transport vositasi yo‘q qilindi. 30ta qo‘lbola bomba zararsizlantirilib, jangarilarning 3ta tunneli buzib tashlandi", deya uning so‘zlarini keltirgan AlSumaria telekanali. 

Bundan tashqari, hukumat kuchlari Mo‘sul atrofida joylashgan 10ta qishloqni jangarilardan to‘la ozod qilgan.

19 fevral kuni Iroq bosh vaziri Haydar al-Obodiy Mosul shahrining g‘arbiy qismini IShID jangarilaridan ozod qilish bo‘yicha operatsiya boshlanishini ma'lum qildi.

Shaharning g‘arbiy qismi hozircha jangarilar nazorati ostida — iroqlik harbiylar salkam uch oydan beri uni qamal qilib turibdi.

Hujumdan avval Iroq harbiy-havo kuchlari Mo‘sul g‘arbini jangarilaridan ozod qilish bo‘yicha operatsiya boshlanishi haqida aholini ogohlantiruvchi millionlab varaqa tashlagan.

Jangarilar nazoratiga o‘tishidan avval ikki milliondan ortiq kishi yashagan shaharda hozirda 750 mingga yaqin odam qolgan. Shahar aholisining aksar qismi keyingi yillar davomida qochqinga aylangan.

Iroq Mo‘sulning g‘arbini ozod qilish uchun yurish boshladi

Top