12:20 / 27.02.2017
47068

2017 yilgi «Oskar»: G‘oliblar, rekordlar va mojarolar

Amerika kino san'ati akademiyasi mukofotlarini topshirish bo‘yicha 89-marosimi Kaliforniya shtati Los-Anjyeles shahrida bo‘lib o‘tdi.

3,3 ming kishiga mo‘ljallangan Dolby teatrida o‘tkazilgan marosimni 49 yoshli taniqli qiziqchi Jimmi Kimmel olib bordi. U Twitter’dagi sahifasi orqali AQSh prezidenti Donald Trampga xabar yozishi bilan marosimdagilar kayfiyatini ko‘tardi.

«Taqdirlash marosimi ikki soatdan ortiq davom etmoqda, Donald Tramp esa hali biz haqimizda yozmadi. Men undan xavotirdaman», — dedi boshlovchi.

Shundan so‘ng Kimmel «Hoy, Donald Tramp, uyg‘oqmisan?», deb yozdi.

Mukofotlar 24 ta nominatsiya bo‘yicha topshirildi. Amerikalik kinorejissyor Demen Shazellning «La-La Lend» filmi favorit hisoblanib, bu film 14 ta yo‘nalish bo‘yicha «Oskar»ga da'vogarlik qilgandi. Shuningdek, «Oskar» haykalchalariga Deni Vilnyovning «Yetib kelish» va Barri Jyenkinsning «Oy shu'lasi» filmlari sakkiztadan yo‘nalishda, Mel Gibsonning «Vijdon amri bilan», Gart Devisning «Sher» va Kennet Lonerganning «Manchester» filmlari oltitadan yo‘nalishda da'vogarlik qildi.

Lekin yakunda «La-La Lend» kutilganidek yilning eng yaxshi filmi bo‘la olmasdan, bu maqomni «Oy shu'lasi»ga boy berdi. Marosim so‘ngida akademiklar adashib, «La-La Lend»ni «Eng yaxshi film» nominatsiyasida ham g‘olib deb e'lon qildi, ammo keyinroq bu «shunchaki hazil» bo‘lganini aytib, «Oy shu'lasi»ni eng yaxshi film deb e'tirof etishdi.

Shunga qaramasdan, bu film 6ta mukofot qo‘lga kiritdi va 2017 yilgi taqdimotda eng ko‘p mukofotga ega chiqqan film bo‘ldi. Jumladan, Demen Shazell eng yaxshi rejissyor, Emma Stoun esa eng yaxshi aktrisa, filmda yangragan «City of Stars» qo‘shig‘i eng yaxshi qo‘shiq deb tan olindi.

Shazell 32 yoshda va u kinoakademiya tarixida «Oskar»ni qo‘lga kiritgan eng yosh rejissyor bo‘ldi.

Kutilganidek, eronlik rejissyor Asqar Farhodiyning «Kommivoyajyer» filmi chet tilidagi eng yaxshi film sifatida taqdirlandi, ammo rejissyor Trampning farmoni tufayli AQShga kiritilmagandi. 

Eng yaxshi qisqa metrajli hujjatli film — «Oq dubulg‘alar» bo‘ldi. Uning operatori, suriyalik Xolid Xatibi ham Tramp farmoni tufayli taqdimotga kela olmadi

Eng yaxshi hujjatli film sifatida «Oskar»ga loyiq ko‘rilgan «O. Jyey: Amerikada tayyorlangan» filmi mukofotga nomzod bo‘lgan va g‘olib chiqqan eng uzoq vaqt davom etuvchi film bo‘ldi - 7 soatu 47 daqiqa. 

Ovoz operatori Kevin O’Konnell eng yaxshi ovoz montaji yo‘nalishida«Vijdon amri bilan» filmi uchun «Oskar» oldi. Qayd etish kerakki, u bugungacha 20 marta mukofot uchun nomzod bo‘lgandi va nihoyat maqsadiga erishdi. Mel Gibsonning bu filmi eng yaxshi montaj nominatsiyasi bo‘yicha ham mukofotni qo‘lga kiritdi.

G‘oliblarning to‘liq ro‘yxati:
Eng yaxshi rejissyor — Demen Shazell («La-La Lend»);
Eng yaxshi aktrisa — Emma Stoun («La-La Lend»);
Eng yaxshi qo‘shiq — Emma Stoun va Rayan Gosling, «City of Stars»;
Eng yaxshi original saundtrek — Jastin Gurvits («La-La Lend);
Eng yaxshi operatorlik ishi — Linus Sandgren («La-La Lend»);
Eng yaxshi postanovkachi rassom ishi — «La-La Lend».

Eng yaxshi film — «Oy shu'lasi»
Eng yaxshi ikkinchi darajali aktyor — Maxershala Ali («Oy shu'lasi»)
Eng yaxshi adaptatsiya qilingan ssenariy — «Oy shu'lasi»

Eng yaxshi aktyor — Keysi Afflek («Dengiz bo‘yidagi Manchester»)
Eng yaxshi original ssenariy — «Dengiz bo‘yidagi Manchester»

Eng yaxshi montaj — «Vijdon amri bilan»
Eng yaxshi ovoz montaji — «Vijdon amri bilan»

Eng yaxshi ikkinchi darajali aktrisa — Viola Devis («To‘siqlar»)

Eng yaxshi animatsion film — «Jonivorlar shahri»

Eng yaxshi hujjatli film — «O.Jyey: Amerikada tayyorlangan»

Eng yaxshi liboslar — «Fantastik maxluqlar va ular yashaydigan joy»

Eng yaxshi grim — «Xudkushlar otryadi»

Eng yaxshi ovoz — «Yetib kelish»

Eng yaxshi vizual effektlar — «Changalzor kitobi»

Eng yaxshi qisqa metrajli animatsion film — «Qum qushi»

Eng yaxshi qisqa metrajli film — «Kuyla»

Chet tilidagi eng yaxshi film — «Kommivoyajyer»

Eng yaxshi qisqa metrajli hujjatli film — «Oq dubulg‘alar»

Mavzuga oid
Top