Bundan 20-25 yillar avval, 11 yillik umumta'lim maktablarini tamomlagan yoshlar oldida ikki yo‘l turardi: oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirish yoki… biror kasbni egallash haqida bosh qotirish. Yanayam to‘g‘rirog‘i, maktablar bitiruvchilaridan o‘rtacha 10 nafardan biri oliy o‘quv yurtlariga kirardi, qolganlari esa ko‘chada qolardi. O‘sha davrning barmoq bilan sanarli «texnikum»larida kasb-hunarga o‘rgatish yo‘liga, haminqadar bo‘lib, tizim ham nomigagina ishlar edi.

Minglab kasb-hunar kollejlari bunyod etilib, 12 yillik bepul, majburiy ta'limni yakunlagan yoshlar bilim olish barobarida, hunar ham egallamoqda va buni mamlakatda olib borilgan oqilona siyosatning yorqin dalolati deyish mumkin. Yoshlarning o‘z ixtisosligi bo‘yicha mehnat qilish imkoni yaratilgani bilan bir qatorda sanoat, tadbirkorlik, hunarmandchilik, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi, qo‘yingki, barcha sohada tizimli rivojlanishga turtki berilgan.

Shu bilan birga savollar tug‘iladi: davlat tomonidan yaratib qo‘yilgan beqiyos imkoniyat va sharoitlardan hamma vaqt, barcha joylarda ham unumli foydalanilayaptimi? Ta'lim maskanlarida, jumladan, kasb-hunar kollejlarida ta'lim sifati qanday? Davomat-chi?

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi muxbirlari bu boradagi savollarga javob izlash maqsadida jurnalistik surishtiruvlar olib bordi. Ushbu jarayonda imkon qadar olis tumanlar, qishloq joylardagi ta'lim muassasalari bilan yaqindan tanishilgan. Bir qadar ko‘zdan pana, mutasaddilar ham uncha-munchaga boravermaydigan hududlardagi vaziyatni o‘rganish haqiqiy ahvolni bilishning eng xolis yo‘li sifatida tanlangan.

Kollejlarda tartib-intizom, ta'lim sifati va bosh­qa masalalarga ijobiy o‘zgarishlar kuzatilayotgani ta'kidlangan. Biroq davomat, ta'lim-tarbiya sifati, o‘quv maskanidagi sharoitlar borasida hali muammo va nuqsonlar kam emasligi qayd etilgan. Tayyorlangan material «Kun.uz» saytida ikki qismda berilmoqda.

Bordan ko‘ra yo‘g‘i ko‘proq

Sir emaski, o‘quvchilar dars va amaliy mashg‘ulotlarga o‘z vaqtida, muntazam ishtirok etsagina, fanlarni, kasb sirlarini chuqur o‘zlashtiradi. Aksincha bo‘lsa-chi?

Surxondaryo viloyatidagi Jarqo‘rg‘on qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejidagi vaziyat taajjublanarli darajada. Ushbu kollejda ayni paytda 1053 nafar o‘quvchi ikkiga bo‘linib, ikki navbatda tahsil oladi. Joriy yil 9 fevral holatiga ko‘ra, tushgacha o‘qishga kelishi lozim bo‘lgan 660 nafar o‘quvchidan 335 nafarigina darsda ishtirok etdi. Tushdan keyingi davomat yanada achinarli: 392 nafar o‘quvchidan 230 nafari darsda emasdi. Kollej ma'muriyatining ma'lumotiga ko‘ra, ularning 25 nafari kollejga umuman kelmaydi.